Breaking News

Jahon banki islohotlarga "ha" demoqda


Istanbulda Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasining yillik majlisi o'tar ekan, donorlar Jahon bankini resurslardan samaraliroq foydalanishga va qaror chiqarishda rivojlanayotgan davlatlar fikrini ham inobatga olishga chaqirmoqda. Moliyachilar global krizisdan chiqish yo'llarini muhokama qilmoqda.

Majlis tashkilotchilaridan biri Agustin Karstensning aytishicha, Jahon banki hisobiga ko'ra, 2010 yil oxiriga borib yana 90 million kishi qashshoqlashishi mumkin.

Jahon banki rivojlanayotgan va kambag'al davlatlarda ta'lim, sog'liqni saqlash, qishloq xo'jaligi kabi ko'plab sohalar rivoji uchun kredit va grantlar ajratadi. Iqtisodiy tanazzul ko'p davlatlarga ta'sirini o'tkazgan ekan, Jahon banki yordamiga muhtojlar soni ham o'sib bormoqda, bu esa resurslari chegaralangan tashkilotni qiyin ahvolga solib qo'ymoqda, deydi mutaxassislar.

Jahon banki prezidenti Robert Zellik Istanbulda rivojlangan mamlakatlar rahbarlariga murojaat etib, tashkilotga ko'proq pul ajratishni so'ragan.

"O'tgan yili bank 33 milliard dollar qarz ulashgan, joriy yilda esa bu raqam 40 milliardgacha ko'tarilishi, agar donorlar yordam bermasa, kelasi yil o'rtalariga borib ahvolimiz og'irlashishi mumkin. Shundan so'ng eng qashshoq davlatlar bilan ishlay olamiz xolos," deydi Zellik.

AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi yirik donor davlatlar Jahon banki islohot qilinsagina qo'shimcha pul berishini aytmoqda.

Robert Zellik islohotlarga ko'p vaqt ketadi, pul esa hozir kerak deydi.

Xalqaro valyuta jamg'armasi global hamkorlikning moliyaviy tomonlari bilan shug'ullanadi, pulga o'tkir ehtiyoj sezgan davlatlarga qarz beradi.

Jamg'arma rahbari Dominik Stross-Kanning aytishicha, inqirozdan chiqish oson bo'lmaydi.

"Ishsizlik sur'atini tushirishga ba'zi davlatlarda 10-12 oy vaqt ketishi mumkin. Boshqa mamlakatlarda esa ahvol yanada og'irlashishi kutilmoqda. Krizis tugadi deyishga hali erta," deydi Kan.

Jahon banki ichki islohotlar sifatida avvalambor rivojlanayotgan davlatlarning bank boshqaruvidagi rolini oshirmoqchi.

XS
SM
MD
LG