Breaking News

Nyu-York shahri 400 yoshda




Bundan 400 yil muqaddam ingliz dengizchi Genri Gudzon Shimoliy Amerikaning sharqiy qismini kezib, bugun biz bilgan Nyu-York bog’ozini kashf qilgan. Oradan ko’p o’tmay qit’aga gollandlar kelib o’rnasha boshlagan. Shu atrofda Yangi Amsterdam shahri paydo bo’lib, hindular bilan savdo yo’lga qo’yilgan. Bugun jahon ahli bu yerlarni Nyu-York deb biladi.

Shahar bugun besh tumandan iborat: Manxettan, Bruklin, Bronks, Kvins va Steyton Ayland.

Nyu-Yorkning salobatini ko’rib, qachonlardir bu maskan jimmitday, ko’rimsiz orol bo’lganiga ishonging kelmaydi.

Nyu-Yorkdagi Janubiy Bandargoh Muzeyida orol tarixiga oid muhim hujjatlar saqlanadi. O’tmishda hudud gollandlar mulki bo’lgan. Niderlandiya Milliy Arxivi direktori Martin Berends 1624 yilda Gollandiya zodagonlari bitgan maktubni o’qib beradi.

“Hazrati Oliylari. Ma’lumingiz bo’lsinkim, Yangi Amsterdam nomli kema uzoq safardan Gollandiyaga qaytgan. Kema kapitani bilan gaplashdim. Odamlarimiz omon. Sog’lom farzandlar dunyoga kelmoqda. Qishloqlar bunyod etilmoqda. Manxetten orolini 60 guldenga sotib olgan emishmiz. Kema anchagina mol-dunyo bilan qaytibdi”.

Bu xat Nyu-York 400 yillik tarixga ega ekanidan nishona.

“Bu dalil – gollandlar Yangi Amsterdam nomli shaharga asos solgan. Sizu-biz uni Nyu-York shahri deb bilamiz,” – deydi Berends.

O’sha maskan xaritasida oroldagi uylarni, yo’llar va rejalangan qishloqlarni ko’rasiz.

Yana bir xaritada esa Manxetten jajji orol qilib tasvirlangan. Britaniya mustamkalasi bu manzarani butunlay o’zgartirib yuboradi.

Tarixchi, arxitektor Barri Lyuisning aytishicha, inglizlar orol maydonini kattaroq qilish uchun atrofdagi daryoni axlat bilan to’ldirgan. Dunyoning turli burchaklari, ayniqsa Yevropadan muhojirlar oqib kela boshlagan.

“XIX asr boshida 100 ming odam yashar edi orolda”, - deydi olim. “1875 yilga borib Manxetten aholisi bir milliondan oshgan. 1910 yilda esa orolda 2 million aholi yashar edi”.

Manxettenda ko’chmas mulk qimmatlasha bordi. 1883 yilda Bruklin ko’prigi qurib bitkazildi. Aholi orol atrofidan arzonroq yer, uy-joy sotib ola boshladi.

“Ko’prik ishni osonlashtirdi. Foytun yoki ot minib yoki piyoda borib kelar edi odamlar ”, deydi tarixchi.

Ko’p o’tmay metro qurildi.

“Nyu-York yer osti yo’lining xizmati shu bo’ldiki, besh sent to’lab, orolni u chekkasidan, bu chekkasigacha kezib chiqib, markazga qatnash mumkin bo’ldi. Shahar chekkasida aholi punktlari qo’ziqorinday ko’paya boshladi. Oddiy odam uy sotib olib, ishga qatnashi mumkin bo’lib qoldi”,-deydi olim Lyuis.

Biroq bizneslar, idoralar Manxettenda edi. Shahar endi eniga emas, bo’yiga qarab o’sa boshladi. O’smono’par binolar paydo bo’ldi.

“Aholi qo’rquvda - to’fon tursa, binolar qulab tushadi deb o’ylar edi”, deb izohlaydi olim. “Ijaraga berilayotgan uy osmono’par bino oldida bo’lsa, sho’riga sho’rva edi. Odamlar eee, ustiga qulab tushadi, deb bu uylar yaqiniga yo’lamasdi”.

Biroq mana shu haybatli, beso’naqay binolar soni oshgandan oshdi. Imperiya shtati binosi, Kraysler binosi va hokazo-- biri-biridan baland.

“Hamma gap pulda. Pul, mol-dunyo uchun qurilgan bu shahar”,-deydi tarixchi Lyuis.

Ammo Nyu-Yorkdagi hamma imoratdan ham pul isi kelavermaydi.

Mashhur Vashington Ravoqi, nomi tillarda doston Guggenxaym Muzeyi va yana o’nlab binolar nafis me’morchilik namunalari, Nyu-York shahri g’ururi sanaladi.

Tarix qiziq ekan, bundan 400 yil avval kelgindilar qadam qo’yib, savdo-sotiq rivoj topgan maskanda bugun ham bozor qaynaydi. Bu ko’chani esa odamlar bugun Voll-Strit – dunyo savdo markazi deb atashadi.

XS
SM
MD
LG