Breaking News

Barak Obama Iroqdagi xurujlarni qoralamoqda


Prezident Barak Obama yakshanba kuni Iroqda 155 ga yaqin kishining yostig'ini quritgan xurujlarni keskin qoralab, bu Iroq xalqi kelajagini ko'ra olmayotgan odamlar ishi deb aytgan. AQSh rahbari Iroq prezidenti va bosh vaziri bilan telefon orqali vaziyatni muhokama etgan.

Oq uy bayonotiga ko'ra, prezident Obama xuruj hech qanday natija bergani yo'q, faqat begunoh erkak, ayol va bolalar halok bo'ldi xolos degan. Iroq yil boshida bo'ladigan parlament saylovlariga tayyorgarlik ko'rar ekan, Qo'shma Shtatlar Iroq xalqi va hukumatini qo'llab-quvvatlashda davom etadi, deyiladi prezident iddaolari bitilgan bayonotda.

Kecha poytaxt Bag'dodda viloyat hokimiyati va adliya vazirligi binolari yonida bomba solingan ikkita mashina portlagan. Hozircha 155 kishining o'lgani haqida xabar qilinmoqda. Vayronalar ostida yana bir necha odam qolgan bo'lishi mumkin. 500 dan ziyodi yaralangan. Xuruj kimning ishi ekani hozircha noma'lum. Biroq Iroq hukumati al Qoida va bir vaqtlar Saddam Husayn raislik qilgan Baas partiyasi a'zolarini ayblamoqda.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton ham bayonot chiqarib, xuruj qurbonlari oilalariga ta'ziya bildirgan. Qo'shma Shtatlar yovuz kuchlarga qarshi kurashda Iroqqa yordam beradi, deydi Klinton.

AQSh qo'shinlari Iroqdan asta-sekin chiqarilar ekan, Iroq armiyasi va politsiyasi mamlakat xavfsizligini ta'minlashga qodirmi degan savol tug'iladi.

Respublikachi senator Jon Makkeynning aytishicha, armiya ancha oyoqqa turgan.

"Xurujlar bundan keyin ham bo'lib turadi, ammo ko'p emas, chunki Iroq xalqi ularga qarshi," deydi qonunchi.

Makkeyn fikricha kechagi xurujlar AQSh qo'shinlarini Iroqdan chiqarish rejasiga ta'sir qilmasligi kerak.

Bag'dodda avgust oyida ham bombalar portlab, 100 dan ortiq kishi o'lgan edi.

XS
SM
MD
LG