Breaking News

Afg'on saylovlari bu gal qanday o'tadi?


Kelasi shanba kuni Afg'oniston xalqi prezidentga yana bir bor ovoz beradi. Saylovlarning birinchi bosqichida yo'l qo'yilgan xatolar va qonunbuzarliklar takrorlanadimi yoki saylovlargacha qolayotgan oz vaqt ichida ularni bartaraf etish, hech bo'lmaganda ko'lamini tushirish mumkin bo'ladimi?

Saylov tashkilotchilari oldida bir nechta muammo turibdi. Tolibon do'q-po'pisalari, saylovchilarning jarayon va nomzodlardan bezigani, davlat apparatiga ishonchsizlik, qahraton qish mavsumining kirib kelayotgani oqibatida saylovga chiqmaslik ehtimoli va ikkinchi bosqichga tayyorgarlik ko'rish uchun vaqt juda oz qolayotgani.

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk bu safargi saylovlar oldingisidan farq qiladi degan umidda.

"Birinchidan, atigi ikkita nomzod qatnashmoqda. Birinchi bosqichga 40 dan oshiq odamning nomzodi qo'yilgan edi. Ikkinchidan, saylov ma'murlarining tajribasi oshgan. Uchinchidan, xalqaro hamjamiyat va xalqaro kuchlar jarayonga yordam berishga ahd qilgan," deydi Xolbruk.

Qo'shma Shtatlar saylovlardan so'ng mamlakatga qo'shimcha askar yuborish yoki yubormaslik qarorini ma'lum qiladi. Ungacha, Oq uy deyarli har kuni mavzuni muhokama qilmoqda.

Xalqaro inqirozlarni o'rganuvchi guruh tahlilchisi Kendes Rondo esa aksincha, bunday qisqa vaqt ichida xatolarni bartaraf etib bo'lmaydi, demak yana ovozlar soxtalashtiriladi deydi.

"Shoshma-shosharlikdan nima foyda bor? Saylov mexanizmini o'zgartirmay turib jarayondan o'zgacha natija kutmaslik kerak," deydi mutaxassis.

Saylovlarning birinchi bosqichida bir milliondan ziyod soxta ovoz amaldagi prezident foydasiga berilgan. Saylov shikoyatlarini taftish qiluvchi komissiya ularni bekor qilishga qaror chiqargan. Bu esa 50 foizdan ortiq ovoz to'plagan Hamid Karzayni g'alabadan mahrum qilib, ikkinchi bosqichga yo'l ochdi.

Yevropa Ittifoqining Afg'oniston bo'yicha sobiq vakili Franchesk Vendrellning aytishicha, keng ko'lamli qonunbuzarliklarga guvoh bo'lgan saylovchi jarayondan yanada ko'ngli qolgan.

"To'rt yil burungi parlament saylovlaridan beri odamlarning hukumatga ishonchi so'nggan. Jarayon o'shanda ham qo'shtirnoq ichida "demokratik" bo'lgan edi," deydi Vendrell.

Afg'onistonda o'tkazilgan yangi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, afg'onlar umidini yo'qotmagan bo'lsa-da, korrupsiya va beqarorlikdan charchagan.

Tahlilchilarga ko'ra, saylov tizimining ikki turdagi komissiya tomonidan nazorat etilishi ma'lum ziddiyatlarga sabab bo'lmoqda. Biri afg'on rasmiylaridan tuzilgan Mustaqil saylov komissiyasi bo'lsa, ikkinchisi BMT tomonidan yuritiluvchi shikoyatlar komissiyasi. Birinchi idora ovozlarni hisoblasa, ikkinchisi soxtalashtirish hollarini aniqlab, qalbaki ovozlarni hisobdan chiqaradi. Mustaqil saylov komissiyasining haqiqatda mustaqil ekaniga tahlilchilar shubha bildiradi.

Kendes Rondoning aytishicha, saylov komissiyasi tarkibi o'zgarmas ekan, ikkinchi bosqich ham qonunbuzarliklardan xoli bo'lmaydi.

"Komissiya raisini ishdan olishdan boshlash kerak. So'ng kotibiyatni yangilash lozim. Agar yana shu tarkib qoladigan bo'lsa, boshqacha natija kutmaslik kerak," deydi tahlilchi.

Saylov komissiyasi raisi Azizullo Ludinning ishdan olinishini prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla ham talab qilgan, biroq prezident Karzay bunga ko'nmayapti. BMT rasmiylari avgust saylovlarida keng ko'lamli qalloblik hollari qayd etilgan saylov uchastkalari ikkinchi bosqichda ishlamaydi desa, Ludin buning aksini aytmoqda va xalqaro kuzatuvchilar tanqidiga uchragan xodimlarini lavozimidan bo'shatmoqchi emas.

XS
SM
MD
LG