Breaking News

AQSh Ukrainadagi saylovlardan umidvor


AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, kelasi oy Ukrainadagi prezident saylovlarida kim g'alaba qilishidan qat'iy nazar, Qo'shma Shtatlar u bilan hamkorlik qilishga tayyor. Klinton saylovlar erkin, ochiq va tashqi aralashuvsiz o'tadi degan umidda.

Xillari Klinton Davlat departamentida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Petro Poroshenko bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlar va yaqinlashayotgan saylovlarni muhokama qilgan hamda 17 yanvarga belgilangan jarayon Ukrainadagi siyosiy inqirozga chek qo'yadi deya umid bildirgan. "Rangli inqilobdan" beri yirik partiya rahbarlari o'zaro kelisha olmayotgani mamlakatda qaror qabul qilish jarayoniga pand bermoqda. Iqtisodiy tanazzul natijasida esa vaziyat yanada murakkablashgan.

Agar g'olib saylovlarning birinchi bosqichidayoq ma'lum bo'lmasa va hech kim 50 foizdan ko'p ovoz ololmasa, fevralda ikkinchi bosqichi o'tkaziladi. AQSh davlat kotibining aytishicha, saylov jarayoni mamlakat 2004 yilda boshlagan islohotlar darajasini namoyish etadi.

"Keyingi rahbar kim bo'lishini Ukraina xalqining o'zi hal etishi kerak. Ko'plab odamlarni ruhlantirgan "Qo'ng'ir inqilob" tamoyili ham shunday bo'lgan - xalq o'z rahbarini tashqi aralashuvsiz va qonun buzarliklarsiz saylash imkoniga ega bo'lishi kerak", - deydi Klinton.

Saylovlardagi asosiy ikki nomzod - sobiq bosh vazir Viktor Yanukovich va hukumatning amaldagi rahbari Yuliya Timoshenko. 2004 yildagi saylovlarda Yanukovich g'alabaga yaqin edi, ammo Oliy Sud soxta ovozlarni aniqlab, natijani bekor qilgan.

Tashqi ishlar vaziri Poroshenkoning aytishicha, bu safargi saylovlarni nazorat etish uchun mingdan ziyod xalqaro kuzatuvchilar taklif etilgan. Ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, har ikki asosiy da'vogar imkoniyatlari deyarli teng. Bu esa, deydi Poroshenko, Ukrainada demokratik jarayonlar kuchayganidan dalolat.

"So'z erkinligi, matbuot erkinligi, nomzodlarga saylov kampaniyasida berilgan teng imkoniyatlar - bularning barchasi Ukrainaning eng buyuk yutuqlari. Ukraina tarixida bungacha g'olibni bashorat qilish hozirgidek qiyin bo'lmagan. Bu ham demokratiyadan nishona. Nazarimda, Ukraina demokratiya imtihonidan, saviyali jamiyatlar a'zosi bo'lish uchun imtihondan muvaffaqiyatli o'tdi", - deydi Ukraina tashqi ishlar vaziri.

Xillari Klinton Ukrainada siyosiy islohotlar bobidagi yutuqlarni olqishlab, AQSh respublikaning NATO va Yevropa Ittifoqiga kirish rejasini qo'llab-quvvatlaydi deydi.

Ayni damda AQSh va Rossiya muddati tugagan Strategik qurollarni qisqartirish bitimini yangilashga harakat qilayotgan bir paytda Ukraina o'z yadro arsenalidan Sovet Ittifoqi qulagach xalos bo'lgan. Uning evaziga Qo'shma Shtatlar 1994 yili Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini beruvchi bitim imzolagan edi. Xillari Klinton bitim shartlariga sodiqmiz deydi.

Petro Poroshenkoning aytishicha, 1994 yildagi bitim va AQShning Ukraina mustaqilligi va hududiy daxlsizligini qo'llab-quvvatlashi uning mamlakati uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Poroshenko shuningdek iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish borasida uning davlati Xalqaro Valyuta Jamg'armasi bilan muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildiradi. Ukraina jamg'arma talablarini bajarsa, unga atalgan, ammo muzlatilgan milliardlab dollar kredit qayta beriladi. Bundan tashqari, deydi AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton, islohotlar Ukraina energetika sektoriga sarmoya olib kirish uchun ham zarur.

XS
SM
MD
LG