Breaking News

Pokiston Janubiy Vaziristondagi operatsiyani yakunlagan


Pokiston Bosh vaziri Yusuf G'iloniyning aytishicha, Janubiy Vaziristonda Tolibonga qarshi olib borilgan harbiy operatsiya tugatilgan. Armiya jangarilar bilan salkam 2 oy olishgan.

G'iloniyning ma'lum qilishicha, barcha kuchlar endi Orakzoy qabilaviy hududiga tashlangan, chunki Tolibonning Pokistondagi rahbariyati jon saqlash maqsadida Janubiy Vaziristondan u yerga qochgan bo'lishi mumkin. Jangarilar ham havodan, ham artilleriyadan o'qqa tutilmoqda.

Afg'oniston chegarasiga yaqin Janubiy Vaziristonda operatsiya oktyabr oyida boshlangan edi. Armiyaga ko'ra, shu paytgacha 600 dan ziyod tolib yo'q qilingan.

Hududga jurnalistlar kiritilmagani uchun hukumat tarqatgan ma'lumotlarni ko'p hollarda tasdiqlab bo'lmaydi. BMT hisobicha, mintaqani minglab aholi tark etgan.

Operatsiyadan maqsad, deydi armiya vakillari, hududlarni toliblardan tozalab, rahbarlarini qo'lga olish. Ulardan biri Hakimulla Mas'ud. U Pokiston shaharlarida 500 dan ziyod kishini nobud qilgan bir necha xurujlarni uyushtirganlikda ayblanmoqda.

Qo'shma Shtatlar Pokistonning jangarilarga qarshi operatsiyalarini olqishlaydi, ammo Shimoliy Vaziristonda ham operatsiya boshlashga undamoqda. U yerda Afg'onistondan o'tgan toliblar va al Qoida agentlari o'rnashgani aytilmoqda.

Ba'zilar rasmiy Islomobodni butun diqqatini Janubiy Vaziristonga qaratib, faqat pokistonlik toliblarni nishonga olganlikda ayblaydi. Mutaxassislar nazarida Shimoliy Vaziristonda afg'on toliblariga qo'l tekkizilmagan, chunki ular Kobulni ishg'ol qilsa, qo'shni Afg'onistonga ta'sirini o'tkazish oson bo'ladi.

XS
SM
MD
LG