Shu kunlarda tarixdagi eng muhim hujjatlardan biri – butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganiga 61 yil to’lmoqda.
BMTga a’zo barcha davlatlar undagi tamoyillarga rioya qilishi zarur. Erondan Birmagacha, Darfurdan Guantanamogacha - 2009 yil inson haq-huquqlari uchun global kurashda muhim davr bo’ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, diskriminatsiya, toqatsizlik, beparvolik va boshqalarga nisbatan nafrat ko’p hollarda huquq oyoq osti bo’lishiga sababchi omillar.
Eronda harbiy-repressiv tuzum shakllanmoqda
Eron bu yili prezident saylovlaridan so’ng yirik norozilik namoyishlari va muxolifat harakati jonlanishiga guvoh bo’ldi. Amaldagi siyosatdan norozi bir necha arbob sahnaga chiqib, prezident Mahmud Ahmadinejod bilan bellashdi. Uning g’alabasi, ko’pchilik nazarida, soxta saylov natijasidir. Namoyishlar kuch bilan bostirildi.
Ko’zga ko’ringan huquq himoyachilaridan biri Tom Malinovskiyning kuzatishicha, “Eronda saylovdan beri siyosiy muhit o’zgacha. Mamlakatda harbiy-repressiv bir tuzum shakllanayotgani ko’zga tashlanadi. Biroq muxolifat kurashni boy bergani yo’q”.
Malinovskiy nazarida Eronda ommani shafqatsiz ezishga bel bog’lagan amaldagi diniy tuzum, diktatura uzoqqa bormasligi ayon.
Afg'onistonda ham qilinadigan ishlar talaygina
O’tgan 8 yilda xotin-qizlar uchun imkoniyatlar maydoni biroz kengaygan, ammo hukumat ularni Tolibon ta’qibidan himoya qilishga ojiz.
“Qiz-juvonlar maktabga borish, tahsil olish yoki ishlashga yuragi betlamaydi. Savodxonlik eng muhim masala, lekin ko’pchilik farzandini uydan yakka chiqarishga qo’rqadi”, - deydi Human Rights Watch tashkiloti xodimi.
O'zbekistondachi?
O’zbekistonda 27 dekabr parlament saylovlari oldidan huquq faollari ta’qiblardan shikoyat qilmoqda. Human Rights Watch-ning Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Xolli Kartner nazarida mamlakatda huquq ahvoli yaxshilangani haqidagi maqtov-olqishlar asossiz. O’tgan oy 7 faol, jumladan, tashkilotning O’zbekistondagi vakili Tanya Lokshina hibsga olingan.
AQSh huquq va erkinlik kuychisi nomini qayta qozonmoqchi
AQShga kelsak, prezident Barak Obamadan AQShning “huquq va erkinlik kuychisi” degan nomini tiklash so’ralmoqda. Prezident Bush davrida terror gumoni bilan qamalgan mahbuslarni xo’rlab-qiynab, ma’lumot olishga ruxsat berilgan edi.
“Xushxabar shuki, Obama ma’muriyati qiynoqlarni man etdi”, - deydi Tom Malinovskiy. “Prezident al-Qoida a’zolarini qonun doirasida sud qilamiz degan. Amerikaning chet eldagi yashirin qamoqxonalari yopilgan. Kubadagi Guantanamo qamoqxonasi ham navbatda”.
Qo’shma Shtatlarning eng yaqin savdo hamkori Xitoydan ham, xalqaro sahnada uning obro’-e’tibori o’sib borgan sari mas’uliyatli bo’lish kutiladi.
“Xitoy nafaqat Tibet va Shinjondagi ahvol yuzasidan tanqid ostida, unga Sudan va Birma kabi ashaddiy huquqbuzar davlatlar bilan aloqani tugatish talabi qo’yilgan. O’rtada savdo-tijorat davom etyapti, lekin xalqaro bosim samara bera boshlagan”, - deydi mutaxassislar.
Hech bir jamiyat huquq bobida muammolardan xoli emas
Biroq rivojlangan, demokratik davlatlarda ularni hal qilish mexanizmlari, bu masala bilan shug’ullanuvchi tizim va nodavlat tashkilotlar bor. BMT Inson Huquqlari komissari Navi Pillay Yevropada muhojirlarga munosabat o’zgarishi kerak deydi.
“Yevropa Ittifoqi migrantlar va ularning oila a’zolarini himoya qilish to’g’risidagi konvensiyaga haligacha qo’shilmagan. Deportatsiya punktlari dahshatli ahvolda. Odamlar oylab, yillab vaqtinchalik qamoqlarda saqlanadi. Ming bir azobni ko’rib, qit’a qirg’oqlariga yetib kelgan muhojirlarni axlat singari uloqtirishadi”, - deydi BMT rasmiysi.
Uning aytishicha, xalqaro himoyaga muhtoj va ish izlab kelgan odamlarni birdek ko’rish noto’g’ri.
Huquq himoyasi davomiy jarayon, deya qayd etadi faollar. So’nggi 30-40 yilga qiyoslaganda, inson huquqlariga hurmat global miqyosda o’sgani, xalqaro aloqalarda tez-tez tilga olinayotgani kuzatiladi.