AQShda terror xavotirlari kuchayar ekan, Davlat departamenti ba'zi shaxslar vizalarini bekor qilishga majbur bo'lgan. Barak Obama nazarida AQSh xavfsizlik tizimidagi xatolar yangi yildan oldin terror xuruji ehtimoliga sabab bo'lgan. Prezident tizimni takomillashtirishga chaqirmoqda.
AQSh davlat kotibi muovini Pi Jey Kroulining aytishicha, bu borada ayrim choralar ko'rilmoqda. 14 mamlakatdan AQShga kirayotgan yo'lovchilar aeroportlarda alohida sinchkovlik bilan tekshiriladi. Bu 13 musulmon davlati va Kuba fuqarolariga tegishli.
Shuningdek, deydi Krouli, ba'zi shaxslarning Amerika vizalari bekor qilinib, yana ma'lum miqdori AQSh samolyotlarida uchishi man etilgan odamlar ro'yxatiga kiritilgan. 2001 yildagi terror xurujlaridan beri 1700 kishining vizasi bekor qilingan. Bu safar qancha odam vizasidan mahrum bo'ladi, rasmiy aniq aytmagan.
"Biz sayyohlar Amerikaga kelmasin demoqchi emasmiz. Qo'shma Shtatlar turizmdan manfaatdor. Xalqlarimiz o'rtasida muloqot bo'lishi kerak va bu siyosiy ekstremizmga barham berish yo'llaridan biridir", - deydi davlat kotibi yordamchisi.
Prezident Obama kecha Oq uyda maslahatchilari bilan uchrashib, xavfsizlik tizimini kuchaytirishga ko'rsatma bergan. Davlat razvedka xizmati direktori Dennis Bleyr vaziyatni o'rganib, xatolarni tuzatishga, terrorchilarning yangi usullarini aniqlab, zarur qarshi chora ko'rishga va'da bergan.