Ukrainaliklar yakshanba kuni prezident saylovlariga chiqar ekan, saylovoldi tashviqot paytida hech bir nomzod NATOga kirish masalasini ko'tarmagan. Mamlakatni NATOga yaqinlashtirishga harakat qilgan amaldagi prezident Viktor Yushchenko ham mavzuni chetlab o'tishga majbur bo'ldi.
Ukraina va Gruziya ko'pdan beri NATOga a'zo bo'lishga harakat qiladi. Sobiq prezident Jorj Bush ma'muriyati bu yosh davlatlar intilishlarini faol qo'llab-quvvatlagan. Biroq 2008 yil aprelida a'zo davlatlar NATOning Buxarestdagi sammitida jarayonni vaqtinchalik to'xtatishga qaror qilgan.
AQSh Davlat departamenti sobiq rasmiysi Deyvid Kreymerning aytishicha, NATOga kirishdan oldin har ikki davlat qator islohotlarni amalga oshirishi lozim.
"Alyansga qo'shilishdan oldin ma'lum shartlarni bajarish kerak. Arizani to'ldirib, ertasiga a'zo bo'la olmaysiz. Siyosiy, iqtisodiy va harbiy islohotlarni o'tkazish zarur. Bu juda ham uzoq jarayon. Gruziya va Ukraina ba'zi sohalarda yutuqlarga erishgan bo'lsa, boshqalarida joyidan siljimagan", - deydi sobiq rasmiy.
Ukraina prezidenti Viktor Yushchenko 5 yil burun hokimiyatga kelgandan beri tashabbusni qo'ldan chiqarmaydi. Biroq so'nggi yillarda reytingi tushib, yakshanba kungi saylovlarda mag'lub bo'lishi taxmin qilinar ekan, masala yangi prezident e'tiboridan chetda qolishi mumkin. Shunga qaramay bu aynan kim yangi rahbar bo'lishiga bog'liq. 18 nafar nomzod ichida Bosh vazira Yuliya Timoshenko va sobiq bosh vazir Viktor Yanukovich asosiy da'vogarlar deya tilga olinmoqda.
Kanadadagi Alberta universiteti professori Deyvid Marplsning aytishicha, Timoshenkoning NATOga nisbatan pozitsiyasi mavhum bo'lsa, Yanukovich Ukrainaning alyansga kirishiga qarshi.
"Biroq masala referendumda hal bo'lishi mumkin. Ijtimoiy so'rovlarga ko'ra, aholining 55-60 foizi NATO a'zoligiga qarshi", - deydi Marpls.
Ukrainaning tashkilotga kirishiga Rossiya ham qarshi. Bu esa, tahlilchilar nazarida Kiyev-Moskva aloqalarining sovuqligi negizidagi eng muhim omildir.
Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, bu galgi saylov kampaniyasi davrida hech bir nomzod NATOga qo'shilish masalasini ko'tarmadi.
"Bu haqda hatto Yushchenko ham gapirmadi. Ukraina NATOdan borgan-sari uzoqlashgandek bo'lyapti", - deydi Legvold.
Tahlilchi fikricha bu jarayonni ukrainaliklarning alyansga munosabati bilan sharhlash mumkin.
"Ukraina ba'zi harbiy islohotlarni amalga oshirgani bilan, siyosiy barqarorlik, korrupsiyaga qarshi kurash chetda qolib ketdi. Shu sabab Ukraina o'zini NATOga noloyiq deb ko'ra boshladi. Alyans esa, Yevropa Ittifoqi kabi, kengayish bilan bog'liq muammolarga ortiq yuz tutishni istamaydi".
Ukraina Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lishga ham oshiqar ekan, bu NATOga kirishdan ham mashaqqatliroq vazifa ekani aytiladi, chunki Yevropa Ittifoqining a'zolik talablari NATO nikidan qattiqroqdir.