Breaking News

Rossiya prezidenti siyosiy islohotlarga chaqirmoqda


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning aytishicha, mamlakatni zamonaviylashtirishda muxolif partiyalar va jadal siyosiy faollik yordam berishi mumkin. Medvedev Davlat Kengashidagi majlisda nutq so'zlab, siyosiy islohotlarni kuchaytirishga chaqirgan. Mayda partiya vakillari fursatdan foydalanib, matbuotdagi senzura va hukmron "Birlashgan Rossiya" partiyasini tanqid qilgan.

Prezident Medvedev siyosiy partiyalar rahbarlari va gubernatorlar ishtirokidagi majlisda mamlakat siyosiy tizimini isloh qilishga chaqirgan. Buni buyruqlar emas, hamkorlik orqali amalga oshirish mumkin, deydi u.

"Tobora murakkablashib borayotgan ijtimoiy muammolarni hal qilishda ko'p hollarda primitiv va ahmoqona ma'muriy choralar qo'llaniladi".

Federatsiya Kengashi raisi va "Adolatli Rossiya" partiyasi rahbari Sergey Mironovning aytishicha, hokimiyatning barcha bosqichlarida begonalashish kuzatilmoqda. Bu ijtimoiy mojaroga yetaklashi mumkin bo'lgan xatarli hol. Hukumatga bo'lgan ishonchsizlikka haqiqiy siyosiy raqobat orqaligina barham berish mumkin, deydi Mironov.

Uning aytishicha, fuqarolar jamiyat va tizimni zamonaviylashtirishda faol ishtirok etishi zarur.

"Xalq ishonchi samarali boshqaruv zaminidagi asosiy omildir", - deydi u.

"Yabloko" partiyasi lideri Sergey Mitroxin nazarida modernizatsiya erkin matbuotdan boshlanishi kerak. Hukumat matbuotni monopollashtirib, senzurani kuchaytirgan, deydi u.

"Jamiyatning ovozi eshitilishi kerak. Siyosiy kuchlar Internet orqali kichik doiradagi odamlar bilan emas, butun boshli jamiyat bilan muloqot olib borishi lozim", - deydi muxolifat vakili.

Parlamentda ko'pchilik o'rinlarga ega "Birlashgan Rossiya" partiyasi yakkahukmronlikda ayblanar ekan, uning raisi, amaldagi Bosh vazir Vladimir Putin shunday javob berdi.

"Agar partiyamiz haqiqatan ham yirik kapital va yakka hokimiyat egasi bo'lganida edi, deydi Putin, moliyaviy krizis paytida hukumat boshqacha ish tutgan bo'lar edi. Nafaqa va maoshlarni muzlatib, soliqlarni kamaytirgan bo'lar edik. Chunki bozor iqtisodiyoti shuni talab qiladi. Biz esa valyuta zaxirasini ishga solib, iqtisodiyotni nafaqat ushlab turishga, balki fuqarolar daromadini bir foizga ko'tarishga muvaffaq bo'ldik, deydi Putin.

XS
SM
MD
LG