Breaking News

Iqlim o'zgararkan, insonning tabiatga mehri oshgan


Vashingtonda joylashgan Jahon Kuzatuv Instituti har yili global ahvol haqida tahlilnoma chiqaradi. Maqsad dunyo ahlini bugungi umumiy vaziyat haqida ogoh qilish. Bu yilgi xabar shuki, insoniyat tabiatga mas’uliyat bilan yondasha boshlagan. Loqaydlik hamon asosiy muammolardan biri, lekin odamlar ona zaminni e’zozlashni ham o’rganmoqda.

Yangilik shuki, ko’plab mamlakatlar ekologiya muhofazasi ustida jiddiy qayg’ura boshlagan. Tabiat in’omlarini faqat iste’mol qilmay, ularni asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish insoniy burch ekani tan olinmoqda.

Jahon Kuzatuv Instituti (Worldwatch Institute) rahbari Kris Flavin fikricha sharoit o’zgararkan, odam ham o’zgarishga majbur.

“Jahon ommasi tabiatni asrash uchun faol harakat qila boshlagan. Yangicha siyosat, yangi texnologiyalar uchun mablag’, odamlarni atrof-muhitdagi o’zgarishlar haqida ogohlantirish… Lekin hali qilinishi kerak bo’lgan ishlar bir dunyo… Odamzot faqat bugunni o’ylab yashamasligi kerak”,- deydi Flavin.

Qo’shma Shtatlar dunyoda eng yirik iqtisodiy tizimga ega. Shuningdek, eng yirik iste’molchi.
Dunyo boyliklarining uchdan bir qismi Amerika bozoriga keladi.

Iste’mol ko’lamini kamaytirish, deydi mutaxassislar, bu davlat oldidagi o’ta muhim vazifalardan biri.

Ommaviy axborot vositalarining xizmati katta. Gollivud – tabiatparvar industriyaga aylangan.

Yirik savdo tizimlari, supermarketlar ham bu borada jonbozlik ko’rsatmoqda.

“Bir tarafdan supermarketlar iste’mol darajasi oshsin, xaridor ko’proq xarid qilsin deydi. Ikkinchi tarafdan esa ular odamlarga ekologik jihatdan zararsiz mahsulotlar taklif qilmoqda. Bu ulkan o’zgarish," deydi tadqiqotchi Kris Flavin.

Yashillik, tabiatsevarlik harakati tobora kengayib bormoqda.

Bular hammasi vaqtincha, deya qo’l siltayotganlar ham yo’q emas. Patrik Maykl kabi konservativ tahlilchilar iste’mol iqtisodiyotni tebratadi deya uqtiradi.

"Dunyoda ekolog borki, odamlarni qo’rqitish bilan ovora; tabiatning o’zgarishi tabiiy", deydi u.

“Voy aholi ko’payib ketayapti, fojia yuz berishi muqarrar, oziq-ovqat yetishmay qoladi, hayot tarzimizni o’zgartirish kerak degan gaplarning ko’pi asossiz”.

Peshvolar, masalan Rim papasi odamlarga “Xudo bergan noz-nem’atlarni ayab ishlating, to’qlikka sho’xlik qilmang” deya eslatib keladi. Nafsni tiyish ham bir qadriyat, deydi olimlar.

“Farovonlik iste’mol ko’lami bilan o’lchanmaydi. Boyliklardan to’g’ri foydalanish kerak”,- deydi iqtisodchi olim Erik Assaduriyan.

Patrik Maykl singari mutaxassislar odamlarni ogohlantirish yaxshi, lekin ularni vahimaga solish adolatdan emas, deydi.

Boshqalar fikricha esa ommani qo’rqitishga hojat yo’q, ular vaziyatni o’zi ko’rib turibdi. Hayotda va ekranda.

“Gollivud filmlarida tabiiy ofatlarga e’tibor katta. Sayyoramizda boyliklar, ularning egalari, siyosat va qalloblik kabi mavzularni ko’p tomosha qilamiz. Hamma bir fikrda bo’lmasligi mumkin, lekin maqsad odamlarni o’ylantirish”,- deydi Assaduriyan.

Lekin reklamalar-chi? Ulardan maqsad odamlarni iste’molga undash emasmi?

Aholi o’ziga kerak narsani olishda davom etaveradi, deydi Assduriyan, mahsulot sifatli bo’lsa bas.

Xulosa shuki, iqtisodning kengayishi har bir jamiyat uchun foyda, ammo bu bilan tabiat va turmushga zarar yetmasligi lozim.


XS
SM
MD
LG