Breaking News

Umida Ahmedova aybdor topilib, shu zahoti avf etilgan


Qishloq hayoti aks etgan fotosuratlari→ va bokiralik haqidagi hujjatli filmi→ hukumatning keskin tanqidiga uchragan Umida Ahmedova Mirobod tuman sudi tomonidan aybdor deb topilgan.

Sud hukmida aytilishicha, Ahmedova o'zbek xalqiga tuhmat qilib, milliy udumlarni kamsitgan.

Biroq u O'zbekiston Oliy Majlisi e'lon qilgan amnistiyaga binoan jazodan ozod etilgan. Sud uning jinoiy o'tmishi yo'qligi va uch farzandning onasi ekanini inobatga olgan.

Ahmedova o'ziga qo'yilgan ayblarni inkor etadi va sud qarori ustidan shikoyat qilish niyatida.

“Boshida qanday hayratda bo'lsam, hozir ham shunday. Ayniqsa sudyaning “milliy urf-odatlarni xor qilgan, zor bo’ladi” degan gaplaridan so'ng. Nima deyishimni ham bilmayman”, - deydi u.

Ochiq o'tgan jarayonda sudya Behzod Ermatov Ahmedovaga nisbatan hukmni o'qib eshittirgach, uni izohlab bergan.

Uning qayd etishicha, Ahmedovaga nisbatan jinoiy ish milliy udumlarni kamsitish, haqoratlash, yot urf-odatlarni targ'ib qilishga asoslanadi. Sudya O'zbekiston televideniyesida Ahmedovaning filmi muhokama qilingani, bu film jiddiy norozilik uyg'otgani, milliy odatlarga haqorat sifatida talqin etilganini eslatgan.

Ahmedovaning so’zlariga ko'ra, uning ishlari - fotoalbom va hujjatli filmlar yo'qolib borayotgan milliy udumlar, qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan.

Shveytsariya elchixonasi tomonidan ko'rsatilgan, taqdimot marosimlari o'tkazilgan. Qayerda men milliy udumlarni haqorat qilgan ekanman, bilmayman. Kecha o'zinglar ham ko'rdinglar. “Bokiralik yuki” filmini mutlaqo boshqacha talqin qilishgan. Men insonparvarlik nazaridan
aytgan gaplarimni o'zimga qarshi ishlatishdi. Aslida u yerda “bir-biringizga ehtiyot bo'linglar, bu nozik narsa deyilgan”, - deydi Ahmedova.

Uning ishi tezlikda ko'rildi. 9 fevralda boshlangan muhokama shu kuni o'z ishini yakunladi. 10 fevral kuni hukm o'qildi. Sud jarayonida Ahmedovaning fotoalbomi, “Ayol va erkak: sahardan kunbotargacha” va “Bokiralik yuki” hujjatli filmlari ko’rib chiqildi.

Sud majlisida yig'ilganlar fikricha hujjatli filmda o'zbek xalqi haqoratlanmagan. Udumlarni kamsitish ham ko'zga tashlanmaydi.

“Filmda o'zbek urf-odatlari, turli viloyatlarda turlicha o'tishi tasvirga olingan. Fotoalbomning ham haqoratli tomon yo'q. Menda bu film juda yaxshi taassurot qoldirdi. Bunaqa filmlar O'zbekiston televideniyesida ham ko'plab ko'rsatilishi kerak. O'zbeklar kimligini dunyo bilishi kerak”, - deydi sudni kuzatgan huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Sudda Ahmedovaning ijodi yuzasidan ekspertlar fikri tinglangan. Ayblovni yoqlagan guvohlar fotosuratlarga professionallik nuqtai-nazaridan emas, mazmuni yuzasidan e'tiroz bildirgan. Ular nazarida Ahmedova udumlarni salbiy ruhda tasvirlashga uringan.

“Ekspertiza xulosasini bergan guvohlarning birortasi san'at bo'yicha mutaxassis emas. San'atga biror aloqangiz bormi degan savolga ular yo'q deb javob qilishdi. Fotografiya bu san'at-ku!” - deydi Ahmedova.

Himoya tomoni O'zbekiston va xalqaro miqyosdagi san'atshunoslarning Ahmedova asarlari haqidagi xulosalarini sudga taqdim etgan. Bu xulosalarda fotografning ijodi milliyligi, o'ziga
xosligi va mahorati bilan ajralib turishi, ijodkorni san'at asarlari uchun jazoga tortish mantiqsiz ekani ta'kidlanadi.

Mazkur ish yuzasidan fikr bildirayotgan o'zbekistonliklar nigohida Umida Ahmedovaning jinoyatda ayblanishi u singari erkin fikrli ijodkorlarni qo'rqitish uchun qilingan rasmiy buyurtma bo'lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG