Breaking News

Tahlilchilar: Ukraina saylovlari demokratiya so'nmaganidan dalolat


Ukraina Markaziy Saylov Komissiyasi Viktor Yanukovichni prezident saylovlarida g'olib deb topganiga qaramay, Oliy ma'muriy sud uning raqibi, Bosh vazira Yuliya Timoshenko shikoyati ko'rib chiqilmaguncha, saylov natijalarini rasmiylashtirmaslikka ko'rsatma bergan. Timoshenko da'vosicha, Yanukovich tarafdorlari ba'zi uchastkalarda qonunga xilof ish tutib, uni bir millionga yaqin ovozdan ayirgan. Mavzuga munosabat bildirishni so'rab, Ukraina, Rossiya va amerikalik jurnalist va tahlilchilarga murojaat etdik.

Yevrosiyo masalalari bo'yicha amerikalik mutaxassis Pol Goblning aytishicha, Ukraina saylovlarida asosiy urg'u ichki muammolarga berildi. Tashqi siyosat, xususan, G'arb va Rossiya bilan aloqalar diqqat markazidan chetda qoldi.

"Viktor Yanukovich Ukrainani birlashtira olmasa, prezident sifatida muvaffaqiyat qozona olmaydi. Buning uchun faqat Rossiyaga xayrixoh va unga ovoz bergan fuqarolar bilan ishlamasdan, g'arbga moyil ukrainaliklar bilan ham muloqotni yo'lga qo'ya bilishi zarur. Iqtisodiyot masalasida esa", - deydi Pol Gobl, Rossiya bilan hamkorlik qilmay iloj yo'q.

Qo'ng'ir inqilob va uning rahbarlari so'nggi yillarda xalq e'tiboridan qolgani bilan, ayrim tahlilchilar nazarida bo'lib o'tgan saylovlar demokratiya Ukrainada so'nmaganini namoyish etdi.

"Mintaqadagi boshqa davlatlarga qiyoslaganda Ukrainada demokratiya ishlayapti", - deydi Pol Gobl. "Belarus yoki Rossiyadan farqli o'laroq Ukrainada saylovda kim yutishini oldindan bilish qiyin. Ukrainaliklar bundan faxrlansa arziydi. Iqtisodiy jihatdan qiynalgan va yirik davlatlar bosimi ostida bo'lsa ham mamlakatda haqiqiy demokratiya bor".

Yevropalik kuzatuvchilar saylovlar ochiq va halol o'tgan desa, Yuliya Timoshenko o'zgacha fikrda. Ukrainalik mustaqil jurnalist Yevxen Xlibovitskiy nazarida saylov natijalarini bekor qilish bosh vazira qo'lidan kelmaydi. Tez kunlarda hozirgi lavozimidan ham ayriladi, deydi u.

"Timoshenko hokimiyatda qolish uchun barcha imkoniyat va vakolatlarini ishga solyapti. Uning bu harakatlaridan Qo'ng'ir inqilob zaminidagi demokratik qadriyatlar so'nib borayotganini ko'rsa bo'ladi. Saylovchilar qarorini hurmat qiladimi o'zi, degan savol paydo bo'ladi. Muxolifatning tinch yo'l bilan erishilgan g'alabasini Qo'ng'ir inqilob yutug'i desak mubolag'a bo'lmaydi", - deydi Xlibovitskiy.

Rossiyalik jurnalist Masha Lipmanning aytishicha, Timoshenko saylov natijalaridan norozi bo'lsa-da, ko'chaga chiqib namoyish qila olmaydi.

"Timoshenko masalani demokratik usullar bilan, sud orqali hal etishga majbur", - deydi u.

Yanukovich oldida turgan eng dolzarb muammo bu - iqtisodiyot, biroq hozirgi siyosiy sharoitda uni tuzatish qiyin, deydi Lipman.

"Mamlakat og'ir ahvolda. Global krizis Ukrainani boshqa davlatlarga qaraganda qattiq urdi. Hukumat ko'plab munozaralar sabab vazifasini to'liq ado etmayapti. Yanukovich bosh vazirni yangilashini aytgan. Ammo hozirda Timoshenkoning ketgani yaxshimi, qolganimi, Yanukovich bilmaydi. Timoshenkodek kuchli siyosatchining sizga qarshi muxolifatda bo'lishini istaysizmi yoki prezidentlikka ko'z tikib turgan, ammo bir oz bo'lsa ham, bosh vazir lavozimida ittifoqchi bo'lishinimi", - deya savol beradi moskvalik ekspert.

Ukrainalik tahlilchi Xlibovitskiyning aytishicha, Yanukovich tashqi siyosatda Yevropa va Rossiya bilan aloqalarda munozanatni saqlay bilishi zarur.

"Saylovlardan eng katta zararni Qo'shma Shtatlar ko'rdi. Oq uyning Ukrainaga ta'siri kamayadi endi", - deydi Xlibovitskiy.

XS
SM
MD
LG