Breaking News

Kobulda qonli portlashlar, 16 kishi halok bo'lgan


Afg’oniston poytaxti Kobulda bir necha portlash ro’y berib, kamida 16 odam halok bo’lgan, jumladan xorijliklar.

Savdo markazi va chet elliklar to’xtaydigan ikki mehmonxona yaqinida sodir etilgan xurujlarda 38 kishi jarohat olgan.

Rasmiylarning aytishicha, o’lganlar orasida hindistonlik to’qqiz fuqaro, bir italiyalik va fransiyalik bor. Ba’zilari mansabdor shaxslar. Tolibon portlashlar uning ishi ekanini tan olgan.

Politsiyaning bildirishicha, dastlab savdo markazi portlatilgan. Oradan ko’p o’tmay bir necha terrorchi shu yaqin-atrofdagi mehmonxonaga kirib, o’zini portlatgan.

Bu orada Afg’oniston janubida, Tolibonga qarshi operatsiya davom etayotgan Hilmand viloyatida bir askar tasodifiy portlash natijasida jon bergan.

AQSh rasmiylarining aytishicha esa toliblar hozir jon talvasasida. Ular Pokiston-Afg’oniston chegarasida siquvga olinmoqda – bir tomonda xalqaro koalitsiya va afg’on armiyasi, ikkinchi tomonda Pokiston qo’shinlari. Toliblar oxirgi bir necha yilda hali bunaqa qarshilik, bosim bilan yuzlashmagan edi. “Mana shu ruhda davom etish kerak”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Jeff Morrell.

“Birgalikda hujum qilish, Afg’oniston va Pokistondagi toliblarni ma’nan charchatish kerak”,-deydi Morrell. “Shunda uning safidagi yigitlar esini yig’ib, qurolini tashlaydi; oilasi, jamiyatga qaytadi”.

Eng muhimi, deydi rasmiylar, Tolibon yetakchilarini murosaga, hukumat bilan kelishishga ko’ndirish.

XS
SM
MD
LG