O'tgan yili prezident Barak Obama Qohirada so'zlab, Amerika musulmon dunyosi bilan yangi aloqalar boshlash tarafdori ekanini, demokratiya va inson huquqlari bobida yordam berishini aytgan edi. O'tgan oy AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham Qatarga tashrifi chog'ida xuddi shu fikrni ta'kidladi. Biroq ba'zi huquq faollariga ko'ra, Obama ma'muriyati va'dalariga qaramay arab dunyosida bu borada ahvol o'zgarmagan.
Qohirada joylashgan nodavlat tashkilot - Misr Inson huquqlarini o'rganish instituti izlanishiga ko'ra, arab davlatlarida inson huquqlari bilan bog'liq ahvol o'tgan yilga qaraganda yomonlashgan. Ba'zi davlatlar, jumladan, Misr davlat siyosati tanqidchilarini asossiz ravishda qamab, terrorga qarshi qonunlar yaratib, dissidentlarni ta'qib qilgan, deyiladi hujjatda.
Tashkilot rahbari Bahoyiddin Hasanning aytishicha, agar Amerika chindanam Misrda demokratik islohotlarga turtki bera olsa, butun mintaqa uchun yaxshi namuna bo'lar edi.
"Bu Obama ma'muriyatining ahloqiy burchidir. Xavfsizlikni bahona qilib, inson huquqlaridan voz kechish yaramaydi", - deydi Hasan.
Musulmon xalqlari, deydi u, AQSh siyosati Obama va'dalari bilan hamohang emasligidan tashvishda. Doxada o'tgan ilk Jahon AQSh-musulmon forumida nutq so'zlagan Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton bu boradagi xavotirlarga barham berishga harakat qilgan.
"Qonun ustuvorligi va faol fuqarolik jamiyati kabi demokratiya asoslarini qurishga bel bog'lagan insonlarni qo'llab-quvvatlaganmiz va bundan keyin ham shunday bo'ladi. Biroq bu ishni chetdan qilib bo'lmaydi, har bir mamlakat fuqarolarining o'zi bunga bosh-qosh bo'lishi lozim", - degan edi Klinton.
Qohira instituti direktorining aytishicha, Fors ko'rfazidagi davlatlar fuqarolari bunday o'zgarishlarga jur'at eta olmaydi. Bahoyiddin Hasan Yamanni misol tariqasida keltiradi. AQSh yordami ortsa-da, Yamanda inson huquqlari ahvoli yomonlashgan, deydi u.
"Avtoritar tuzumlarga ko'rsatilgan marhamat nafaqat inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, balki AQShning jahondagi obro'siga ham jiddiy putur yetkazib, odamlarning ana shunday tuzumlarga qarshi qurol ko'targan terrorchilarga qo'shilishiga sabab bo'ladi", - deydi Hasan.
Qohira Instituti tayyorlagan hisobot demokratik maqsadlarga erishish yo'lida xizmat qilayotgan turli guruhlarga yordam berishga chaqiradi.
Ammo, deydi Vashingtondagi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasida Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis Natan Braun, AQShning mintaqaga doir strategiyasida bunday siyosat o'rin olmagan.
"Amerika arab dunyosida demokratiya o'rnata olishiga shubham bor, ammo shunga qaramay bu maqsadlar AQShning mintaqaga doir siyosatida markaziy bo'lmasa-da, muhim rol o'ynashi kerak", - deydi Braun.
Uning nazarida AQSh mintaqadagi har bir mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlarini inobatga olishi lozim.
AQSh rasmiylari Obama ma'muriyati ishga aynan shunday yondashmoqda, deydi. Yaqinda 4 arab davlati bo'ylab safar qilgan davlat kotibi mouvini Tamara Vitasning aytishicha, Oq uy ma'murlari nafaqat mintaqadagi hukumatlar, balki demokratik islohotlar faollari bilan ham muntazam ravishda muloqot qiladi.
"Fuqarolik jamiyatlari, siyosiy partiyalar, o'sib kelayotgan siyosatchilar va saylovlarda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar bilan turli o'quv-mashg'ulotlari o'tkazamiz. Ham hukumat, ham nohukumat darajada aloqa qilishga harakat qilamiz", - deydi u.