Breaking News

Iroqda saylovlardan bir hafta o'tib ovozlar hamon sanalmoqda


Iroqda 7 mart kuni parlament saylovlarida berilgan ovozlar hamon hisoblanmoqda. Dastlabki natijalarga ko'ra, Bosh vazir Nuri al-Malikiy boshchiligidagi koalitsiya Bag'dod, shia viloyatlari va neftga boy Basrada eng ko'p ovoz to'plagan.

Saylovlar bir hafta oldin o'tganiga qaramay, ovozlar hisob-kitobi juda sekin kechmoqda. Uch viloyatda 50 foiz, qolganlarida esa arang 30 foiz ovozlar hisoblangani aytilmoqda.

Nuri al-Malikiyning asosiy raqibi - sobiq bosh vazir Ayad Allaviy. Uning sunniylardan iborat koalitsiyasi Anbar viloyatida va etnik jihatdan bo'lingan Kirkuk shahrida katta farq bilan oldinda. Kurd siyosiy guruhlari ham ittifoqqa birlashgan. Ularning alyansi Doxuk viloyatida ko'pchilik ovozlarni qo'lga kiritgan.

Iroq saylov komissiyasi rasmiysi Qosim al-Abbudiy seshanba kungacha ovozlarning 60 foizi sanaladi deya va'da bermoqda.

Komissiya raisi Faraj al-Haydariyning bildirishicha, hisob texnik muammolar sabab sekin kechayotgani yo'q. Jarayon bo'yicha ba'zi shikoyatlarga qaramay, vaziyat nazorat ostida, deydi u.

"Hech bir mamlakatdagi saylovlarni Iroqdagidek bu qadar ko'p mahalliy va xalqaro mutaxassislar kuzatmagan. Jarayon ochiq va adolatli o'tgan", - deydi Haydariy.

Malikiy koalitsiyasidan bir oz kam ovoz to'plagan sobiq bosh vazir Ayad Allaviy siyosiy jihatdan unga yaqin bo'lgan guruhlar bilan muloqot boshlashini aytmoqda.

Uning aytishicha, bu 2-3 kun ichida bo'lishi kutilmoqda.

"Siyosiy qarashlari bizga yaqin bo'lgan partiyalar bilan ittifoqqa birlashishga tayyormiz", - deydi u.

AQShning Iroqdagi elchisi Kristofer Xillga ko'ra, yangi hukumat tuzish oson bo'lmaydi. Bunga bir necha hafta vaqt ketishi mumkin.

Bu orada Iroq politsiyasining aytishicha, bugun g'arbdagi Falluja shahrida bomba portlab, kamida 7 kishi o'lgan, 10 dan ziyodi jarohat olgan.

XS
SM
MD
LG