Breaking News

"Google" Xitoydan chiqmaydi, ammo senzuraga ham bo'yin egmaydi


Xitoy hukumati nazarida "Google" (Gugl) kompaniyasining Internetda qidiruv natijalarini senzuraga solishni bas qilish qarori AQSh bilan aloqalariga putur yetkazmaydi. Rasmiy Pekin uning bozorida ish yuritayotgan Gugldan Xitoy hukumatiga yoqmaydigan mavzularni qidiruv tizimida senzura qilishni talab qilgan edi. Vaziyatdan chiqish maqsadida "Gugl" tizimidagi Xitoyga tegishli qidiruv natijalari Gong-Kongda joylashgan server orqali chiqarishga qaror qilgan.

"Gugl" bundan bir necha hafta avval Xitoyning unga qo'yayotgan bosimidan nolib, mamlakatni tark etishini bildirgan edi. Xitoy so'z erkinligini bo'g'ish maqsadida Internetdagi ba'zi sahifalarni senzura qiladi. Fuqarolarining tashqi dunyo bilan aloqa qilishiga yordam beruvchi, Xitoy g'ashiga teguvchi siyosiy mazmundagi saytlar, muxolif guruhlar sahifalari ana shular jumlasidan.

Endilikda Xitoydan turib "Gugl" manzilini tergan fuqarolar Gong-Kongdagi senzuradan xoli serverlarga tushadi.

Demokratiya va texnologiya markazi direktori Lesli Xarris "Gugl"ni senzuraga qarshi kurashini olqishlab, uning bu harakati tufayli axborotga chanqoq xitoyliklar kerakli ma'lumotlardan bebahra qolmasligini aytadi.

"Agar "Gugl" Xitoy bozorini tark etganida edi, xitoylik Internet shinavandalari bunga salbiy qaragan bo'lardi", - deydi u.

Xitoy "Gugl"ning bu qaroriga nisbatan qanday qarshi chora ko'rishi hozircha noaniq. "Gugl" sahifasiga Xitoyda butunlay to'siq qo'yilishi ham mumkin, deydi Xarris.

Gong-Kong 13 yil ilgari aholisi uchun fuqarolik erkinliklarini saqlab qolish sharti bilan Xitoy boshqaruviga qaytgan edi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Xitoyda Internet ochiq va xalqaro amaliyot asosida boshqariladi deydi.

"Internetda milliy xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlikka tahdid soluvchi sahifalargagina to'siq qo'yilgan", - deydi rasmiy.

Uning aytishicha, Xitoyda biznes qilmoqchi bo'lgan har bir xorij kompaniyasi mahalliy qonunlarga bo'ysunishi kerak.

XS
SM
MD
LG