Sharhlovchilar fikriga ko`ra, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Pokiston kabi atom qurollariga ega kuchli davlatlar qurshovidagi Markaziy Osiyo uchun jahonni yadro arsenalidan tozalash masalasi o’ta ahamiyatli.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham Qozog’istonga safari chog’ida yadro sinovlariga chek qo’yish zaruratidan so’zlagan.
Pan Gi Mun Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboyeni Vashingtondagi sammitda so’zlashga,yadroviy qurollarni sinovdan o`tkazishni taqiqlash haqidagi kelishuv bo`yicha ma`ruza qilishga chaqirgan. Pan Gi Mun yadroviy sinovlar markazi - Semipalatinsk poligoni yopilishini muhim hodisalardan biri sifatida eslagan.
Sharhlovchilar nazarida BMT bosh kotibining fikirlari AQSh va Rossiya START bitimini imzolashi, Vashingtonda yadroviy xavfsizlik bo`yicha sammit arafasida muhim ahamiyat kasb etadi.
“Hozir dunyo oldida turgan birinchi darajali hayotiy masala - yadroviy qurollarni qisqartirish. Bu albatta, o`zaro ishonchni talab etadi. Butun insoniyatning maqsadi bo`lgan taraqqiyot va tinchlik uchun. Hozir Obama olib borayotgan siyosat bu yo`nalishga juda mos. Faqat bu siyosat Rossiya, Xitoy kabi davlatlar tomonidan qo`llab-quvvatlansa juda yaxshi bo`lardi”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.
Markaziy Osiyo yadroviy qurollardan xoli hudud sifatida e`lon qilingan. Bu haqdagi shartnoma mintaqa davlatlari tomonidan 2006 yilda Semipalatinskda imzolanib, o’tgan yili kuchga kirgan edi.
BMT qizg`in olqishlagan bu shartnoma dunyodagi kuchli beshlik - AQSh, Britaniya, Rossiya, Fransiya va Xitoy bilan muzokara va kelishuvlardan so`ng imzolandi.
Sobiq Sovet ittifoqi davrida mintaqada yadroviy va ommaviy qirg’in qurollari testdan o`tkazilgan. Qozog`istonning Semipalatinsk poligoni atom bombalari sinalgan asosiy maydon sanalgan. O`zbekistonda kimyoviy va biologik qurollar, jumladan, “sibir kuydirgisi” bo`yicha tajribalar o`tkazilgani ma`lum.
Bu tajribalardan qolgan “qabristonlar” hamon aholi xavfsizligi uchun tahdid solib kelayotgani ta`kidlanadi. Bir necha yil avval O`zbekiston AQSh bilan hamkorlikda “Borsa kelmas” orolchasida ko`milgan kimyoviy moddalarni zararsizlantirish ishlarini boshlagan edi. Bu amaliyot qanday natija bilan tugagani noma’lum, biroq Orol dengizi qurishi natijasida “Borsa kelmas” orolchasining katta yer bilan tutashishi aholi salomatligini yemira boshlagan.
O`zbekiston AQSh bilan yadroviy moddalar xavfsizligini ta`minlash bo`yicha hamkorlikni yo`lga qo`ygan. Vashington boyitilgan uranni O`zbekistondan Rossiyaga yetkazishda ko`maklashgan edi. Amerika energetika vazirligi O`zbekistonda radioaktiv moddalarni saqlashga ixtisoslashgan inshoot qurishda ham yordam bergan. Yaqinda esa AQSh Yadroviy nazorat agentligi o`zbekistonlik mutaxassislar uchun xavfsizlik mavzusida seminar o`tkazdi.
Vashingtonda kutilayotgan sammit oldidan prezident Barak Obama yadroviy strategiyasini e`lon qildi. Bu strategiyada dunyo bo`ylab atom qurollarini kamaytirishga urg`u beriladi.
“AQSh va Rossiya o`rtasida shartnoma juda ahamiyatli. Dunyo tinchligi va barqarorligi uchun. Tabiiyki, shu ikki davlat o`rtasida nizo paydo bo`lishi butun dunyoga salbiy ta`sir qilishi mumkin”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.