O'zbekiston hukumati Qirg'izistondagi voqealar yuzasidan nihoyat munosabat bildirgan.
“Axborot” dasturida o'qib eshittirilgan rasmiy bayonotda Qirg'izistonda bo'layotgan voqealar davlatning ichki ishi deya tasvirlangan.
O'zbekiston mojaroni muzokara yo'li bilan hal etish tarafdori.
O'zbekiston nazarida qonli, qurolli to’polonlar davom etsa, vaziyatni yanada og'irlashishi mumkin.
Mojaroning O'zbekistonga tarqalishiga yo’l qo’ymaslik uchun chegarada nazorat kuchaytirilgan.
O'zbek muxolifati vakillariga ko'ra, Qirg'izistondagi isyon demokratik qadriyatlardan chekinish boshlangani, hukumatdagi korrupsiya va qashshsoqlik bilan bog'liq.
“Iqtisodiy qiyinchilik, adolatsizlik, norozilik kuchayib borayotgan edi. Bunga asosiy sabab - hokimiyat xalqning qo'lidan butunlay olib qo'yilgan. Qirg'izistonda hokimiyatga kelishni ancha o'rganib olishdi, mening nazarimda... Lekin bu voqealar demokratiya saqlanib qolganidan ham darak beradi. O'zbekistonda bu voqealardan xalq emas, faqat hukumat saboq chiqaradi, rejim yanada qattiqlashadi”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.
Sharhlovchilar Qirg'izistonda yuz bergan namoyishlar va hukumat almashishi besh yil burungi inqilobga nisbatan bir qadar qonli kechganini ta'kidlamoqda.
Huquq tashkilotlari qurbonlar yuzasidan mustaqil tekshuv o'tkazishga chaqirmoqda.
“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati ham Qirg’izistondagi voqealar yuzasidan bayonot tarqatgan. Bayonotda namoyishchilar otilgani keskin qoralanadi.
“Zirxli tanklar, qurollar ishlatilishi yuzasidan xalqaro ekspertlar ishtirokida tekshiruv o'tkazilsihi kerak. Bu qirg’iz xalqi boshiga tushgan fojea”,- deydi jamiyat vakili Abdurahmon Tashanov.
Hokimiyatdan chetlatilgan Qurmanbek Bakiyev hali o'z vakolatini topshirmagan. Bakiyev rus axborot vositalariga bergan intervyusida bo'lib o'tgan hodisalarni "hokimiyatni kuch bilan olish" deb baholagan. Uning fikricha namoyishlar ortida tashqi kuchlar turibdi.
“Bu inqilobmi yoki davlat to'ntarishimi, muvaqqat hukumat qonuniymi yo'qmi, bu haqda hozir yirik davlatlar, xalqaro tashkilotlar ham bir xulosaga kelolmay turibdi. Rostdan ham kishida ziddiyatli taassurot qoldiradi”, - deydi Abdurahmon Tashanov.
Qirg'izistonda faoliyat boshlagan muvaqqat hukumatni birinchilardan bo'lib Rossiya tan oldi. Uning rahbari Roza Otunbayevaning Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan muloqotida Qirg’izistonga har tomonlama ko'mak va'da qilindi. Rossiya o'z fuqarolari xavfsizligini ta'minlash uchun Qirg'izistonga desantchilar brigadasini jo'natdi.
AQSh Qirg'izistondagi hodisalardan tashvishda ekanini bildirib, tomonlarni qonun ustuvorligini ta'minlashga chaqirmoqda. Vashingtonda rejalangan rasmiy uchrashuv Qirg’izistondagi so'nggi voqealar bois qoldirilgan.
BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tashvish bildirgan. Ayni paytda bu tashkilotlarning maxsus vakillari Bishkekka yo'l olgan.