Breaking News

Blogger mustaqil axborot elchisimi?


<!-- IMAGE -->

Matbuot erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlar nazarida avtoritar tuzumlar Internetda to’siqlar qo’yib, xalqning axborot olish huquqini cheklamoqda.

Dunyoda bloggerlar ko'payib, Xitoy va Eron kabi davlatlar hukumatlarini tashvishga solmoqda. Bloggerlar Internetda o’z sahifasiga ega, mustaqil ravishda, maoshsiz ishlovchi, ko’rgan-bilganini sahifasida yozib, tahlil qiluvchi odamlardir.

Ayniqsa, so’z va matbuot erkinligi yo’q mamlakatlarda ularning roli muhim sanaladi. Tashqi dunyo ular orqali mamlakatdagi voqealarni o’rganadi. Avtoritar hukumatlar esa bloggerlar ketiga tushib, ovozini o’chirishga harakat qilmoqda, sahifalariga to’siq qo’ymoqda.

AQShda bir guruh congressmen va faollar Internetda senzuraga diqqatni qaratmoqchi.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo’mita direktori muovini Robert Maxonining aytishicha, bloggerlar jurnalistlardan farqli, himoyasiz.

“Jurnalistlar gazeta yoki televideniyeda ishlaydi, tahririyat ularni himoya qiladi. Bundan tashqari, hamkasblari bor, ishxonada yuristlar bo’ladi. Muammo tug’ilsa, yordam beradigan mexanizm va odamlar bor. Bloggerlar esa yolg’iz, himoyasiz va davlat apparatiga bas kela olmaydi”, - deydi Maxoni.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi taxminiga ko’ra, o’tgan yili jahonda 68 blogger, Internet uchun maqola yozuvchi jurnalist va muharrir qamoqqa olingan. Natijada ba’zilar ta’qiblardan cho’chib, o’zini senzura qilishga tushgan.

Eronlik blogger Umid Memoriyan 2004 yilda qamoqqa olinib, so’ng yurtidan bosh olib ketishga muvaffaq bo’lgan. 2009 yil yozida prezident saylovlari ketidan avj olgan qonli namoyishlarni yoritgan.

“Internet bo’lmaganida, Tehron va boshqa shaharlarda yana qanchadan-qancha odam qamalgan yoki o’ldirilgan bo’lardi”, - deydi u.

Bloggerlar Internetdan qiynoq, zo’ravonlikni fosh etishda, odamlarni namoyishga chorlash, so’z erkinligi cheklangan jamiyatlarda axborot tarqatishda foydalanmoqda.

Bloggerlik, ayniqsa, Xitoyda keng tarqalgan. Mutaxassis Tienji Martin Liaoning aytishicha, hozirda mamlakatda o’n millionlab blogger bor. Biroq hukumat G’arbda ishlangan texnologiyalar yordamida ularni kuzatmoqda, elektron maktublarini o’qimoqda.

Faol nazarida G’arb kompaniyalari Googledan o’rnak olib, Xitoy hukumati bilan hamkorlikni to’xtatishi lozim.

“Pulga uchib, jaholatga sherik bo’lgandan ko’ra, Xitoyda nazorat tizimiga qarshi kurashga hissa qo’shganlari ma’qul”, - deydi u.

Kompyuter texnologiyalari rivojlangan sari mustaqil jurnalistlarga hukumat nazoratini chetlab o’tishga imkon beruvchi programmalar ham ko’paymoqda. Biroq hukumatlar ham bo’sh kelmasdan, ilg’or texnologiyalarga pulni ayamayapti.

Jahon bo’ylab erkinlik va demokratiyani o’rganuvchi “Freedom House” yoki “Ozodlik Uyi” tashkiloti bugun yillik hisobotini chiqarmoqda. Unda dunyoda matbuot erkinligi borasida izlanish natijalari bayon etilgan.

Tashkilot so’z erkinligi dushmanlari sifatida Xitoy, Rossiya, Venesuela va qator boshqa davlatlarni tilga oladi. Jumladan, O’zbekiston so’z erkinligini ayovsiz bo’g’uvchi 10 davlat ro’yxatiga kirgan.

XS
SM
MD
LG