Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod kelasi hafta BMTning xalqaro yadroviy konferensiyasida qatnashadi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Ahmadinajod konferensiya ishini buzishga urinmaydi degan umidda.
“Eron xalqaro hamjamiyat bilan hisoblashmay keladi”,- deydi Klinton.
“Tehronning yadroviy izlanishlari dunyo tinchini buzmoqda”,-deydi u.
“Ahmadinajod sammit ishiga halaqit berishni ko’zlayotgan bo’lsa, ko’p adashadi”, - deydi vazira.
Eron prezidenti Nyu-Yorkdagi xalqaro anjumanga qatnashaman deb ko’pchilikni taajjubga solgan. Kelasi dushanba BMT qarorgohida ish boshlaydigan bu sammitda Yadro qurolini tarqatmaslik bitimi muhokama qilinadi.
Unga mezbon davlat – Qo’shma Shtatlar Eron delegatsiyasiga viza berishga tayyor, garchi ikki davlat o’rtasida diplomatik aloqa bo’lmasa-da.
Xillari Klinton Eronni ommaviy qirg’in qurolini tarqatmaslik bitimiga amal qilishga chaqirmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi Eronni yangi sanksiya bilan jazolash ustida o'ylanmoqda. G’arb nazarida Tehron yashirin tarzda ommaviy qirg’in quroli yaratish bilan band.
Yadro quroli tarqalishiga yo’l qo’ymaslikka doir xalqaro anjuman har besh yilda o’tkaziladi va bir oy davom etadi. Maqsad – 1970 yilda imzolangan xalqaro bitimni tan olgan davlatlar bilan majlis qilish, hujjat ijrosini ta’minlash. Bitim yadro arsenalidan qutulish, xavfli qurollar tarqalishining oldini olish va yadro energiyasidan tinch maqsadda foydalanishni ko’zda tutadi.