Breaking News

AQSh va Xitoy inson huquqlari haqida gaplashib olmoqchi


<!-- IMAGE -->

AQSh va Xitoy rasmiylari shu hafta oxirida Vashingtonda ko’rishib, ziddiyatli mavzu - inson huquqlari haqida muzokara qiladi.

Ba’zi faollar muloqotga kinoya-shubha bilan qaramoqda. “Bunday uchrashuvlardan naf yo’q”,-deydi ular.

Bu – oxirgi ikki yildan beri huquq bobida tashkil qilinayotgan birinchi muloqot. Tomonlar payshanba va juma kuni yig’iladi.

AQSh delegatsiyasini Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo’yicha muovini Maykl Pozner, Xitoy tomonini Tashqi ishlar vazirligi vakili Chen Xu boshqaradi.

Bu majlis yil boshida, fevralda o’tishi kerak edi. Ammo AQSh Tayvanga, Xitoy o’z hududi deb bilgan orol davlatga qurol sotishga qaror qilgach, bundan tashqari, prezident Barak Obama Tibet diniy rahnamosi Dalay Lamani Vashingtonda qabul qilgach, oraga sovuqchilik kirib, muloqot qoldirildi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroulining aytishicha, maqsad Xitoyga huquq bobida nasihat o’qish emas. Balki Vashington uchun inson huquqlari muhim masala ekanini yetkazish.

“Xitoy bilan aloqalarimiz keng qamrovli”.- deydi Filip Krouli. “Inson huquqlari markaziy, tayanch mavzulardan – iqtisodiyot va siyosatni bundan ajratib bo’lmaydi”, - deydi u. Internet erkinligi, axborot olish huquqi, mualliflik huquqi ustuvor masalalar.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi rasmiysi Skott Filps fikricha, xo’jako’rsinga uchrashuv o’tkazishdan foyda yo’q. “Quruq gap bilan ish bitmaydi”,-deydi u.

Shu oy oxirida Pekinda strategik va iqtisodiy hamkorlikka doir anjuman o’tadi. Davlat kotibasi Xillari Klinton huquq masalasini ana shu sammitda ko’tarishi kerak, deydi janob Filps. Qo’shma Shtatlar uchun inson huquqlari va iqtisodiy-siyosiy hamkorlik uzviy bog’liq masalalar, deydi u.

Mazkur komissiya shu oy hisobot chop etgan. Unga ko’ra, Xitoyda diniy erkinlik muntazam bog’ilmoqda, Tibet ahli va Sharqiy Turkistonda uyg’ur xalqi muntazam bosim ostida. AQSh bunga qarshi chora ko’rishi, sanksiyani ishga solishi kerak, deyiladi hujjatda.

Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti rasmiysi, janob Kumarning aytishicha, bu kabi muzokaralar o’tgani ma’qul. “Qo’l qovushtirib o’tirgandan ko’ra, orqa o’girib o’tirgandan ko’ra, gaplashish kerak”, deydi u.

XS
SM
MD
LG