Breaking News

Sayyohlar-ku kelishyapti, ammo... - 2004-07-16


Sovet ittifoqi qulagandan beri, yillar davomida ko'pchilik g'arbliklar uchun yopiq bo'lgan qadimiy Ipak yo’li izidagi maskanlarga qiziqish kuchaydi.

O'zbekiston - Ipak yo'li ustidagi eng ko'hna shaharlar vatani. Ammo, sarguzashtlarga boy deb tasvirlangan bu joylarga safar qilish, aytish kerakki, g'arbliklar uchun oson kechmaydi.

Buxoro shahridagi Bukhara Palace Hotel deb ataluvchi davlat mehmonxonasi boshqaruvchisi Frank Buddega ko'ra, Ipak Yo'li obidalari yiliga 40 ming sayyohni jalb etadi. Ammo, deydi u, hukumat nochor sharoitlarni yaxshilash uchun mablag' ajratsa, sayyohlar sonini uch barobarga ko'paytirish mumkin.

“Toshkent aeroporti tezroq ishlashi, xizmatni yaxshilashi kerak. Yo’llarni, qadimiy shaharlarni tuzatish kerak. Reklamani dunyo bo’ylab kuchaytirish zarur – chet elliklar bilsin bu joylarni. Internet xizmatini kengayritish kerak. Mehmonxonalar zamonaviylashtirish va qolaversa, ularni qayta qurish kerak. Ammo, bu ishlarning hammasi hukumatga bog’liq. Umuman, turizmni yo’lga qo’yish arzonga tushmaydi,” deydi Budde.

Muammolarga qaramasdan, qayd etadi Frank Budde, xorijiy mehmonlar O’zbekistondagi noyob tarixiy obidalarning bahosiz boylik ekanini bilishadi. Bu yer xalqi va madaniyati bilan tanishib, bahra olishadi.

O’zbekiston hukumati, Samarqand va Buxoroda asl hunarmandchilikning qayta ravnaq topayotgani turizmdan tushayotgan daromadni oshiradi, degan umidda. Har ikkala azim shaharning ochiq osmon ostidagi bozorlari doimo odamlar bilan gavjum.

Ajdodlari temirchi bo’lib o’tgan Sayfullo Ikromovning ustaxonasi Buxoroning eski qismidagi chang ko’chalardan birida joylashgan. U, ota-bobolarim Amir Temur uchun qurol-aslahalar yasashgan temirchilardan bo’lgan, deya maqtanadi. Sovet davrida usta temirchilarga qilich va xanjar kabi qurollar yasash maan etilgan edi. Lekin bugungi kunda hunarimiz uchun yo’l ochiq, deydi Ikromov.

O’lkadagi yana bir an’anaviy kasb - gilamchilik ham tiklanmoqda. Ipak va paxtadan to’qilgan gilamlarda XIV-XV asrlarga xos naqshlarni ko’rasiz.

Gilamchi Zarina Kenjayevaning eng yaxshi xaridorlari germaniyalik va fransiyalik sayyohlar ekan. Lekin O’zbekistonda yuz bergan so’nggi portlashlar va qon to’kilishlaridan keyin amerikalik va britaniyalik sayyohlar juda kamaygan, deydi Zarina.

O’zbekistonga sayohat qilgan amerikalik Sean Cronin safar qilishdan qo’rmaganini aytadi. Portlashlar uni cho’chitmadi. Yana bir safar uyushtirib, Xivaga borish niyatim bor, deydi Cronin.

XS
SM
MD
LG