Breaking News

"AQSh davlat maktablari iqtidorli bolalar talabini qondirmaydi." - 2004-11-26


AQShda, davlatga qarashli maktablarda beriladigan bilim darajasi zehni o’tkir bolalar talabini qondirmaydi, deya bahslashayotganlar ko'pchilikni tashkil etadi.

Mutaxassislarning fikricha, so’zlash va hisoblash qobiliyati kuchli bolalarga qo'shimcha darslar o'tilishi lozim. Chunki, deyishadi ular, iqtidorli bolalar o'zgacha ruhda o'rganishadi va fikrlashadi.

Keyingi paytlarda, davlat maktabidagi a’lochi o’quvchiga qo’shimcha bilim berish uchun qator yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Merilend shtatidagi Jo’n Hopkins Universitetining Iste’dodli Yoshlar Markazi iqtidorli bolalar uchun turli o'quv kurslari taklif qiladi.

Uch hafta ichida oliy ta’lim darajasidagi muhandislik kursini bitirayotganlar bor. Oddiy misollar yordamida ular ko’priklarning loyihani chizish, qurish va ishni qanday yuritishni o’rganishadi.

O’qituvchi Jek Bartolomeo, kurs yoshlarga kasb tanlashda yordam beradi, deydi:

"Bu kurs ularni muhandisdek fikrlashga, yashashga chorlaydi. Sohani sinab ko’rishadi. Balki kelajakda uni tanlashar."

Dasturlar o’quvchilarni aqliy mehnatga jalb qilish maqsadida tashkil etilgan. Ammo, deydi uning direktori Liz Albert, kurslar yoshlarga undan-da ko’proq imkoniyatlar uchun yo'l ochadi:

"O’quvchilar bu yerda o’zlarini bemalol his etishadi, zehnli ekanliklaridan uyalishmaydi. Sinfda ham, sinfdan tashqarida ham erkin fikrlay olishadi."

"O’tgan yili men ong falsafasi degan fan o’qidim. Bu yili aqliy psixologiyani o’qiyapman. Bu yer menga juda yoqdi; yana kelishni istayman," deydi o'quvchilardan biri.

Boshqa biri esa, "Men muhandislikka qiziqaman. Bu kurs menga katta yo’l ochdi. Soha haqida o’rgatdi," deydi.

"Juda ajoyib o’qituvchilarimiz bor, ulardan ko’p narsa o’rganasiz. Ular bilan bemalol gaplashasiz, chuqur ma’lumot olasiz. Muhit sizni o’rganishga undaydi," deydi yana bir o'quvchi.

Mazkur kurslarida bu yil amerikalik va chet ellik 10 mingga yaqin o’quvchi qatnashdi.

Amerikadagi boshqa universitetlarda ham bu singari imkoniyatlarni topsa bo’ladi.

Vashingtonda joylashgan Ta’lim Siyosati Instituti Prezidenti Sharlin Harr shunday deydi:

"Biz zehni juda o’tkir bolalar iste’dodini xuddi Olimpiadada qatnashayotgan kuchli sportchilarni tan olgandek tan olishimiz kerak. Lekin biz ular tan olmaymiz."

Boshqalarlar nazarida esa, eng katta e’tibor zehni unchalik o’tkir bo’lmagan, o’rtacha qobiliyatli bolalarga berilishi lozim. Ularning aytishlaricha, iqtidorli bolaga alohida yordam ko’rsatish shart emas.

Haar xonim, bu fikrni rad etadi: "Biz iqtidorli bolalar ravnaqi uchun keraklicha ter to’kayotganimiz yoq. Axir ular bizning kelajakdagi yetakchilarimiz. Ular bizning kelajakdagi tadbirkorlarimiz. Ular bizning kelajakdagi daholarimiz. Ular olamshumul ta’sirga ega va albatta, Amerika jamiyatining kelajagiga ta’sir qiluvchi qarorlar qilishadi."

Darslarning ko’pi kompyuter orqali berilarkan, o’quv yili davomida, ba’zi iqtidorli o’quvchilar sirtqi tarzda ham bilim olishlari mumkin.

Jo’ns Hopkins Universiteti kabi bir qancha oliy o’quv dargohlari zehni o’tkir yoshlarga sirtqi kurslar ham taklif qiladi.

"Dunyo bo’ylab shaxsiy kompyuterga ega kishilar ko’payarkan, bu sirtqi kurslarda o’qishni istaganlar soni ham tobora oshib boryapti," deydi o'qituvchi Charlz Bekman. "Kursga kirayotganlar soni 6-7 yil avval bir necha yuzni tashkil qilardi, o’tgan yilning o’zida esa besh mingga chiqdi."

"Bolalar oldida o’qituvchi ko’rmaysiz. Ular ustozlariga Internet orqali ulanishgan. Turli mavzular yuzasidan tez-tez o’zaro aloqa qilib turishadi. Darslar shu tariqa kechadi," deydi janob Bekman.

Uning aytishicha, uzoqdan turib o’qitadigan bu kurslarga yiliga qancha iqtidorli bola olinishi cheklanmagan. Ammo, bu tarzdagi ta’limni moliyalash eng qiyin masala. "Baquvvat homiy topish kerak," deydi u.

XS
SM
MD
LG