Breaking News

"AQShda o'qishga kirish uzoq, murakkab va maroqli jarayon." - 2004-11-30


Amerikaga kelib o’qishni rejalayotgan yoshlar avvalombor hujjat topshirish muddati va ularni qiziqtirqan oliygohlarda xalqaro talabalar uchun qanday imkoniyatlar yaratilganini bilib olishlari kerak.

AQShda bilim olishni istagan kishiga, bu mamlakat oliygohlarini bitirgan yoki qisqa muddat o’qib ketgan odamlarga murojaat qilib, ulardan o’z tajribalari va Amerika ta’lim tizimi haqida so’rash, tavsiya qilinadi.

So'ngra, Internetda izlanishni boshlash zarur. Ingliz tili, albatta, sizning asosiy kalitingiz. Ma’lumot topish uchun qidiruv tizimiga “Study in the USA,” ya’ni “AQShda o’qish” deb yozsangiz, qarshingizda yuzlab sahifalarga yo’l ochiladi.

AQSh akademiklari jurnali vakili Sheril Darrup-Boychuk, Internetdan ko’rib, tanlagan oliygohingiz haqida AQSh elchixonasidan ham so’rang, deya maslahat beradi.

"Elchixonaning ta’lim bo’yicha maslahatchisining oldiga borganda, 'Men Amerikada o’qishni xohlayman, biror yo’l ko’rsating,' demasdan, yaxshisi, ularni oldiga izlanishlaringizga asoslangan holda, sizga ma’qul tushgan 10-20 oliygoh ro’yxati bilan boring. Ana shundagina, maslahatchi sizga aniq ko’rsatmalar bera oladi va qo’lingizdagi ro’yxatga qarab, 3-5ta oliygohni tavsiya qiladi."

AQShga kelishni istagan talaba izlanishni kamida bir yil avval boshlashi kerak. Singapurlik Karen Vong Vashingtondagi Jons Hopkins Universitetida o’qiydi. Harakatni ertaroq boshlang, deydi u:

"Birinchi yilda faqat izlaning. Gap sizga eng ma’qul tushgan oliygohni tanlashda. Bo’lmasa, anketangiz kuchli chiqmaydi."

AQShda o’qish uchun harakatni ertaroq boshlashning juda muhim tomonlari bor: birinchidan, ingliz tilini mustahkamlab, zarur imtihonlardan o’tish kerak. Busiz Amerika oliygohiga kira olmaysiz.

Ikkinchidan, qiziqqan sohangiz bo’yicha ixtisoslashgan bilim maskanini topish kerak.

Hindistonlik talaba Shantanu Sud Jo’rjtaun Universitetining huquqshunoslik fakultetiga kirish uchun bir yil sarfladi. Xalqaro talaba sifatida undan qator tavsiyanomalar, hamda o’rta va oliy maktablarda olgan baholarining batafsil ro’yxati talab qilindi.

"Talab qilinadigan hujjatlarni olish juda qiyin. Avval o’qigan joyingiz sizga baholar yozilgan qog’ozni osonlikcha beravermaydi. Bu yerdagi oliygohni esa, bizning mamlakatimizdagi tizim qiziqtirmaydi," deydi u.

AQShdagi har qanday oliygohga kirish uchun, insho yozishingiz kerak. Unda sizning ingliz tilini qanchalik bilishingiz va fikrlash qobiliyatingiz tekshiriladi.

Ingliz tilini mukammal bilsangiz-da, turli mentalitetdagilar turlicha yozishadi, deydi singapurlik talaba:

"Inshoda siz kimligingizni, yutuqlaringizni, endigi maqsadingizni aks ettirishingiz kerak. Biz, osiyoliklar, o’zimizni maqtashdan uyalamiz. Rezyumega yozish boshqa gap, ammo buni inshoda yozish qiyin."

Insho muhim rol o’ynaydi, ammo boshqa oddiy narsalarga ham ahamiyat bering, deydi Sheril Darrup-Boychuk:

"Elektronik axborot tizimiga asoslangan asrda yashayapmiz. Esda tutingki, AQSh oliygohiga topshirgan hujjatingizda birinchi familiyangizni, keyin otingizni yozing. Hamma hujjatlarda shunday qilishni unutmang. Doim bir ism sharifni qo’llang. Chet ellik yoshlarning ismi bilan bog’liq muammolar ko’p uchraydi."

Maslahatchiga ko’ra, yoshlar ism-shariflarini, har bir hujjatning asl yoki tarjima qilingan nusxasiga, pasportdagidek yozishlari kerak.

XS
SM
MD
LG