Breaking News

Amerika kinoteatrlarida Muhammad Payg'ambar haqida multfilm namoyish etilyapti. - 2004-12-01


"Muhammad - So'ngi Payg'ambar" multiplikatsion filmida Islom dinining bir yarim asr avvalgi tarixi yoritiladi.

Shariatga asosan, filmda payg'ambarning qiyofasi ko’rsatilmaydi. 2000 yil Saudiya Arabistoni va AQSh kinochilari hamkorligida yaratilgan film Yaqin Sharq mamlakatlarida ancha oldin namoyish etilgandi.

Uni, Shimoliy Amerika davlatlarida ham ko’rsatish avvaliga mushkul kechdi. Keyinchalik, Chikagodagi “Fine Media Group” kompaniyasi, film namoyishi uchun AQSh va Kanada kinoteatrlari bilan shartnoma imzoladi.

Chiptalar internet orqali va Islomiy markazlarda sotiladi. Film tomoshabinlarining aksariyati muhojirlar va ularning Amerikada voyaga yetayotgan farzandlari.

“Farzandlarimiz dinimiz tarixi va payg'ambarimiz hayoti haqida bilishlari kerak,” deydi somalilik muhojir.

“Payg’ambarning hayoti haqida bilishni istayman. Film ingliz tilida, demak, tushunishim oson,” deydi to'qqiz yoshli tomoshabin.

Livanlik bir ona esa quyidagi fikrni bildiradi:

“Aksariyat odamlar Islom haqida salbiy tasavvurga ega. Biz ularning bu qarashlarini ijobiylashishini xohlaymiz. Islom rahm-shafqat va mehr-oqibat dini. U, ayrim ommaviy axborot vositalarida tasvirlanayotganidek yovuzlik sifatidan tamoman yiroq. Umid qilamanki, mazkur film kishilarda Islom haqida iliq taasurot qoldiradi.”

Misrlik bir ota esa shuday deydi: “Bu multfilm, shuning uchun kattalarga emas, asosan bolalarga mo’ljallangan. Aytaylik, yaqinda namoyish etilgan “Iso extirosi” filmi kattalar uchun edi... Ammo bu oilaviy film."

“Men bu filmni ko’rishni istayman. Chunki, arab tilini bilmaganim bois, Islom tarixi haqida ma’lumot olishning deyarli iloji yo’q. Bunday bilimga ega bo’lish uchun Qur’onni mutolaa qilib, uning ma’nosini tushunish lozim," deydi 13 yoshli bir o'smir.

Film, Vashingtondagi Jo’rjtaun Universiteti olimlari hamda Qohiraning Al-Azhar masjidi ulamolari ko’rsatmalari asosida ishlangan.

Asar boshida uning Islomiy Kengash tomonidan ma’qullangani bildiriladi.

Virginiya shtatidagi musulmon tomoshabinlar film haqida ijobiy fikrda ekanliklarini aytishadi:

“Film musulmon bo’lishni o’rgatadi. Shundan so’ng, Olloh yagona, Muhammad esa uning so’ngi payg'ambari ekaniga amin bo’lasiz,” deydi yosh tomoshabinlardan biri.

“Film juda qiziqarli ekan. Maktabda olayotgan bilimimizni ekranda ko’rish naqadar hayajonli. Menga juda yoqdi.”

“Film yaxshi ishlangan, unda payg'ambarning hayoti tasvirlanadi. Qotillik yoki shu kabi noxush manzaralarni ko’rmaysiz...," deydi film muxlislaridan biri.

“Muhammad-So’ngi Payg’ambar” multfilmining Amerika bo’ylab 100ga yaqin teatrlarda namoyish etilishi mo'ljallangan. Ma’lumotlarga ko’ra, uning yaratilishi uchun 10 million dollar sarflangan.

XS
SM
MD
LG