Breaking News

Muhojirlar vatani bo'ylab sayohat: bir amerikalik hikoyasi


Ko’ni Oroli - Nyu York shahridagi Bruklin degan gavjum tumanning bir qismi. Orol, jahonning bugungi siyosiy-ijtimoiy ko’rinishini yaqqol aks ettiruvchi maskan, desak arziydi.

Hikoyamizni Ko’ni Oroli jamoasi vakili, sotsiologiya fanlari doktori JERRI KREYZ davom ettiradi:

“Ko'ni oroli Bruklin tumanining boyligi. Bilmadim, siz bu joylarni qanday tasvirga tushiryapsiz, lekin, aytmoqchimanki, bu maskanda dunyoning har yeridan kelgan kishilarni uchratasiz.

Ko’pchilik meni Jerri Kreyz deb taniydi. Bruklin Kollejining faxrli professoriman. Oliygohning ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri edim. U yerda 33 yil ishlaganman. Kasbiy faoliyatimning ko’p qismini shahardagi turli mahallalarni o’rganishga sarfladim. Men qiziqqan mavzulardan biri - etnik mahallalardagi hayot edi. O’tgan yillar ichida, men Bruklin Kollejiga faqat shu, Ko’ni Oroli avtobusida qatnab keldim.

Orol - muhojirlar vatani. Hozir o’tgan joyimiz Buxoroliklar markazi edi; narigi tarafda, meksikaliklarning restorani bor. Ba’zilar bu mahallalarni global, ya’ni umumbashariy mahallalar, deyishadi. Bu muhojirlarning ilk qadami tegadigan joy. Ular, birinchi, shu yerga kelishadi.

Ko’ni Oroli yirik tijorat markazi. U Bruklin markazini dengizga bog’laydi. Orolni turli etnik guruhlar, dunyoning turli burchaklaridan kelib, bu yerni vatan qilgan odamlar, xilma-xil din vakillari tebratishadi. Men o’tgan yillar mobaynida, haqiqiy Amerikani aks ettiruvchi Bruklin tumani qanchalik o’zgarganiga guvoh bo’ldim.

Orol janubi tomon yurarkansiz, pravoslav mazhabidagi nasroniylar, orada janubiy osiyolik musulmonlar go’shasidan oshib, ko’pchiligi ruslar bo’lgan mahallaga yetasiz.

Pokistonliklar mahallasi bor. Keyin, esa gaiti orolidan kelganlarning mahallasi…yahudiylar mahallasi… bunaga xilma-xil guruhlar chunonam ko’pki…

Orol bo’ylab, avtobusda sayr qilishning ikki yo'li bor: biri, deraza yonida o’tirib, tashqarini kuzatasiz. Ikkinchisi, avtobusning ichidagi muhitga e’tiborni qaratasiz. Turli millat vakillarining bir-biri bilan muloqot qilayotganini ko’rasiz. Avtobusning qaysi mahallada to’htayotganiga qarab, kimdir tushadi, kimdir chiqadi…

Bu juda ajoyib manzara…. Chunki, siz yahudiy va musulmonning yonma-yon o’tirganini ko’rasiz. Meksikaliklarni, pokistonliklarni ko’rasiz. Dunyoning narigi tomonida bir-biri bilan urushayotgan guruhlarning vakillari, balki bugun, bu yerga kelib, yonma-yon o’tirishgandir… Ular bir-birini tushunishadi. Ular bu maskanda birdamlik hukm surishini darhol anglab yetishadi. Balki, deylik, ularning hammasi bir avtobusda Bruklinda yoki Nyu Yorkda, yoki AQShda ketishayotgandir, ammo, agar ko’chma ma’noda tahlil qilsak, avtobus Amerika jamiyati, uning madaniyat, millar, irq va din jihatdan naqadar xilma-xil ekanini ko’rsatadi.

Bruklin deganda men rang-barang jamoatchilikdan o’zga hech narsani tasavvur qilmayman. Butun umr shu yerda yashab kelyapman. Menimcha, taraqqiy etishda davom etayotgan bu tumanda, erishib bo’lmaydi, degan umidlar ro’yobga chiqmoqda. Aytmoqchimanki, bir-biridan butunlay boshqacha odamlar o’zaro hamkorlikda kun ko’rishyapti. Bunga qanday erishish mumkin?

AQShda yashashning o’ziga xos shartlari bor. Agar Bruklinni butun Amerika timsolida olsak, agar siz kamtarona, ammo to’q hayot, yaxshi ta’lim, yashash uchun qulay joy, xavfsizlik va tinchlikda yashashni istasangiz, demak bu maqsadlar yo’lida boshqalar bilan murosa qilishingiz kerak. Qarshingizdagi maskan rang-barang kishilar istiqomat qiluvchi diyor. Bu degani, siz ham ularga qo’shilishingiz shart. Sizdan farq qiluvchi odamlar bilan til topishishingiz kerak.

Sotsiologlar tilida bu hol “almashinuv teoriyasi” deb ataladi. Bu degani, odamlar o’z foydalari uchun ijtimoiy munosabatlar o’rnatishadi. Siz, sizga o’hshamaydigan odamlar bilan aloqa qilib, foyda ko’ryapsiz. Bunda yutqazish degan narsa yo’q. Men shu bois, avtobusni misol keltirayotgan edim.

Bunda, hamjihatlikda yashashga erishish uchun, ko’pchilik orasida, bir joydan ikkinchisiga siljish uchun bir vositaga nisbatan talab borligini anglash lozim. U yerga yolg’iz bir vosita orqaligina yetish mumkin. Hamma bir avtobusda yurishga majbur. Odamlar bir-birlariga chiqishda va tushishda yordam qo’lini cho’zishadi. Kimdir, nima uchun, deb so’rashi mumkin. Boshqalar, bu yaxshilik alomati, deb javob qilishadi. Ular yaxshi insonlar. Biz, odamlarni ularning ahloqiga, avtobusga qanday qilib chiqib, tushayotganiga qarab baholaymiz.

Bizga qarab, ajablanayotganlarga esa, agar odamlarga avtobusga chiqib-tushishda yordam bermasang, sen unga chiqmaysan, chiqqan taqdiringda ham, undan tusha olmaysan, deb javob beramiz. Odamlar bir-biri bilan urushsa, avtobus hech yerga jilmaydi. Demak, hech kim o’z ezgu maqsadiga erisha olmaydi.

Xullas, bu jarayonda, kishilar birdam bo’lishning ma’nosini tushunadilar. Maqsadga yetish uchun hamkorlik qilmasa bo’lmaydi.

Nazarimda, Ko’ni Oroli avtobusi yer sharini tebratuvchi vosita… U birdamlik, xotirjamlik kaliti. U sehrli bo’lmasa-da, hayolotni haqiqatga aylantiradi." (Jerri Kreyz)

XS
SM
MD
LG