AQShdagi eng gavjum va serqatnov shaharlardan biri Mayami yonida haqiqiy marjonlar makoni - Biskeyn yovvoyi tabiat qo'riqxonasi joylashgan.
Florida shtatidagi eng ko'rishga arzigulik joylardan biri bo'lmish Biskeyn bog'i juda boy eko-tizimga ega. Ammo, bu yerdagi sohillar-aro suv yo'llarida sayr qilgan odamlarning ko'pi bundan bexabar, deydi qo'riqxona boshqaruvchisi Linda Kanzanelli:
"Bu zona AQShdagi boshqa qo'riqxonalarga qaraganda, katta shaharga eng yaqin masofada joylashgan, shu turdagi, yagona maskandir."
Biskeyn hududidagi suv ostida marjonning 42 turini topsa bo'ladi. Ammo, dunyoning boshqa joylari kabi, bu suvdagi marjonlar ham xavf ostida.
Tadqiqotchi Richard Karri, marjonlar butunlay yo'qolib ketmasdan turib, biror chora ko'rish kerak, deydi:
"Dengiz tubidagi marjon tog'larining nima uchun g'oyib bo'layotganini bilmaymiz. Gap shundaki, ulardan ajralyapmiz. Ko'pchilik olimlar nazarida, bunga insonlar aybdor." Uch tarafdan suv bilan o'ralgan Florida dunyoning eng go'zal chekkalaridan bir bo'lishi mumkin. Lekin ochiq suvlarda dur va marjon kabi boyliklar u yoqda tursin, hatto yovvoyi hayvonlarni asrash ham tobora qiyinlashib bormoqda.
Biskeyn zonasida hajmi jihatdan katta kemalardan foydalaniladi. Mutaxassislarning fikricha, bu hol, ba'zi sayoz va tor hududlardagi suv osti hayotiga zarar keltiryapti. Ayniqsa, lamantinlarga. AQSh qonuniga binoan, lamantinlar - dengizdagi sut emizuvchi hayvonlar orasida eng noyobi.
O'tgan asrlarda bu yerda yuzlab kemalar cho'kib ketgan. Suv osti vayronalarini sayyohlarga namoyish etish ham katta biznesga aylangan.
Shunday qilib, tabiatni avaylash va bir paytning o'zida, suvga boy mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan qator tadbirlar hozircha uncha foyda bermayapti.