Breaking News

Yosh bolalar o'rtasida o'lim soni ko'paymoqda


Hindiston hukumatining tibbiyot masalalari bo’yicha maslahatchisining aytishicha, dunyoga endigina kelib, hayotdan ko’z yumayotgan chaqaloqlar soni tobora ko’payib bormoqda.

Butun-Hindiston tibbiyot xizmati instituti xodimi Vinod Polning bildirishicha, har kuni 10 ming go’dak hayotining birinchi oyida vafot etadi. Ularning 99 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarga to’gri keladi. Biroq g’amxo’rlik va mablag’larning asosiy qismi negadir rivojlangan mamlakatlarda qolib ketyapti, deydi Vinod Pol:

"Go’yoki, dunyoning boshqa qismida tsunami Osiyodagi kabi har ikki haftada yoki har yili sodir bo’layotganidek. Bu muammoga munosabat boshqacha. Bu ko’zga ko’rinmas fojeadir."

Doktor Pol Lancet tibbiyot jurnalida chop etilgan to’rt ilmiy maqola mualliflaridan biri. Unda olim dunyo bo’ylab, chaqaloqlar ahvoli tobora og’irlashib borayotgani haqida yozadi va muammoni hal qilish yo’lida maslahatlar beradi.

Maqolaning tayyorlanishida, unga Jahon banki, BMT agentliklari va bir necha mamlakatlardagi sog’liqni-saqlash bo’yicha olim va iqtisodiyotchilar yordam berdilar. Ilmiy izlanishga AQSh hukumati va qator tashkilotlar moddiy yordam ko’rsatdi.

Lancet jurnali katta muxarriri Feyt Maklellan (Vashingtondagi ma’ruzasi davomida) yangi tug’ilganlar orasidagi o’lim bilan bo’gliq fojeaga barham berish kerak, dedi:

"Jurnalimizning maqsadi - shu mavzudagi ilmiy ishlar orqali bu dahshatli vaziyatga jahon e’tiborini qaratatish va xalqaro hamjamiyatni tezkor chora ko’rishga da’vat etishdir.”

Mazkur ilmiy maqolalarga ko’ra, yangi tug’ilganlar orasidagi o’lim hollarining uchdan ikki qismi 10 mamlakatga to’g’ri kelarkan. Bular – Afg’oniston, Bangladesh, Xitoy, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Hindiston, Nigeriya, Pokistan, Indoneziya va Tanzaniya.

O’lim hollarining asosiy sabablari - yuqumli kasalliklar, muddatdan avval tug’ilish, tug’ish bilan bog’liq mushkulliklar, ich ketish va kislorod etishmasligidir.

Doktor Polning fikricha, umumiy, arzon choralar ko’rib, fojea sonini 75 foizga kamaytirish mumkin. Homilador ayollarni qoqsholga qarshi emlash, tug’ruqni toza, infektsiyasiz o’tkazish, kichik vaznli go’daklarni qo’shimcha parvarishlash, qimmat bo’lmagan anti-biotiklar bilan ta’minlash va bolani ona suti bilan boqish ana shunday choralar jumlasidandir.

Hind tabibining aytishicha, ushbu choralarni amalga oshirish uchun yiliga 6 milliard dollar kerak bo’ladi, ya’ni er yuzidagi har bir inson boshidan yiliga bir dollar.

"Buncha past chiqim hisobiga tibbiyot sohasida ko’plab insonlar hayotini saqlab qolish hollari kamdan-kam uchraydi. Go’daklarni asrab qolish uchun zarur mablag’ni ishga solish vaqti keldi,"-deydi Vinod Pol.

Lancet jurnalida bildirilishicha, har bir mamlakat 2015 yilgacha chaqaloqlar orasida o’lim darajasini pasaytirish maqsadini o’z oldiga qo’yishi kerak: "Jahon hamjamiyati esa kerakli mablag’ bilan ta’minlashi, muammoni hal qilishda kambag'al mamlakatlarga yordam ko’rsatishi va ma’lum siyosiy majburiyatlarni o’z bo’yniga olishi zarur."

XS
SM
MD
LG