Qo’shma Shtatlar dindor mamlakat hisoblanadi. Bu yerga ilk bor
kelganlar, asosan o’z davlatlarida diniy zo’ravonlik va ta’qibga mahkum
etilganlar odamlar bo’lgan.
Yaqinda o’tkazilgan ijtimoiy
so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 90 foizi xudo borligiga
ishonadi. 78 foiz aholi uchun esa ibodat - kundalik hayotning bir
qismi.
Prezident Barak Obama AQSh turli din, millat va elat vakillariga vatan deydi:
“Biz nasroniy, musulmon, yahudiy, hindu va ateistlar yashaydigan umum bir jamiyatmiz”, - deydi Obama.
Qo’shma
Shtatlar diniy erkinlik har bir insonning birlamchi huquqi ekanini tan
oladi. Shunday ekan Amerika boshqa xalqlar ham o’z yurtida hech qanday
bosimsiz, tahqirlanmay, istalgan e’tiqodiga amal qilishini istaydi.
Yaqinda
Turkiyaga qilgan safari chog’ida musulmon dunyosiga murojaat qilar
ekan, Obama xalqlar, dinlar va madaniyatlar orasida mustahkam ko’prik
qurish o’ta muhim ekanini ta’kidladi.
"O’zaro hurmat va
manfaatlarga asoslangan hamkorlikni istaymiz. Diqqat bilan tinglashga,
anglashmovchiliklarga oydinlik kiritishga va umumiy g’oyalarni
aniqlashga tayyormiz. Kelisha olmasak ham, hurmat qilamiz. Islom dini
asrlar mobaynida dunyo taraqqiyotiga ijobiy o’zgarishlar olib keldi,
jumladan mening vatanimga ham", - deydi Barak Obama.
Qo’shma Shtatlar taraqqiyotida musulmon amerikaliklarning hissasi katta, deydi u.
“Ko’plab
amerikaliklar musulmon qarindoshlarga ega. yoki musulmon jamiyatlarda
yashagan. Men buni aniq bilaman, chunki o’zim shulardan biriman”, -
deydi AQSh prezidenti.
“Maqsadimiz musulmon dunyosi bilan
hamkorlik qilish. Umum manfaatlar yo’lida birlashib, kelajak avlod
uchun o’rnak bo’lishimiz kerak. Toki farzandlarimiz, Amerika - barcha
xalqlarning do’sti degan tushuncha bilan ulg’aysin”, - deydi Barak
Obama.