Breaking News

AQShning yangi tashqi yordam dasturi: foydasi ko'pmi yoki zarari?


Prezident Bushning “Ming yillikdagi vazifalar hisobi” deb nomlangan umumjahon taraqqiyot tashabbusiga ko'ra AQSh kambag'al mamlakatlarda g'arb uslubidagi demokratiyani o'rnatish va iqtisodiy islohotlarni o'tkazish uchun yordam puli ajratadi. Biroq bu tashabbusning foydasi borasidagi gumonlar va unga o'xshash boshqa tashkilot va dasturlar bjudjetlarining uning hisobiga kamayib ketishi, ayrim siyosatchilarni tashvishga solmoqda.

Afrika qit’asidagi orolda joylashgan Madagaskar davlati “Ming yillikdagi vazifalar hisobi” dasturi ko’z ostiga tushgan ilk mamlakat bo'lgan edi. To’rt yillik kelishuvga asosan, bu mamlakatga bozor iqtisodiyotini mustahkamlash, mulkka egalik huquqlarini himoyalash va qishloq xo’jaligini rivojlantirish uchun 110 million dollar yordam puli ajratilgan edi.

Bu kabi shartnomalarni tuzish bo’yicha Gruziya, Gonduras va Nikaragua kabi mamlakatlar bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.

”Ming yillikdagi vazifalar hisobi” korporatsiyasining raisi Pol Epplgartning AQSh Senatining tashqi aloqalar qo’mitasida bergan hisobotiga ko’ra, ikki yildan beri ishlab kelayotgan bu dastur Amerikani xalqaro hamjamiyatga yordam berishi uchun eng samarali yo’ldir.

"Yordam berish uchun o’tkaziladigan konsultativ jarayon har bir mamlakatga nisbatan turlicha o’tadi," deydi u. "Pirogni kesganday, hammaga bir xil yordam berilmaydi."

”Ming yillikdagi vazifalar hisobi” prezident Bush tomonidan 2002 yilda e’lon qilingan edi. Dunyo mamlakatlari kambag’allikka barham berish uchun yangi yo’l topishlari zarur va bu borada ham boy, ham kambag’al davlatlar ma’suliyatining oshishi juda muhimdir, degan edi prezident Bush.

Biroq korporatsiyaning ishlatilmasdan, to’planib qolgan 2,5 milliard dollar mablag’i bor. Kongressning ayrim a’zolari mazkur tashabbus nega sekin suratda amalga oshirilyapti, degan savol berishmoqda.

Biroq demokrat senator Pol Sorbeyn singari boshqa qonun chiqaruvchilar ”Ming yillikdagi vazifalar hisobi” dasturi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi kabi chet-elga yordam ko’rsatadigan tashkilotlar mablag’i hisobiga kun kechirmoqda, deya tashvish bildirmoqdalar.

"Ishontirishlarga qaramay, ma’muriyatning 2006 yilgi byudjetida “Ming yillikdagi vazifalar hisobi” korporatsiyasiga ajratilishi ko’zda tutilayotgan pul miqdorining ikki baravar o’sishi kutilmoqda – o’tgan yilgi 1,5 milliard dollardan 3 milliard dollargacha," deydi Sorbeyn. "Shu bilan birga Xalqaro taraqqiyot agentligiga tushadigan pul miqdori prezident buyrug’i bilan pasaytirildi."

Sorbeynning aytishicha, agentlikning bolalar rivoji uchun sarflanadigan mablag’i ana shunday qisqartirishga uchragan dasturlarga kiradi.

Biroq Epplgart ”Ming yillikdagi vazifalar hisobi” dasturi Xalqaro taraqqiyot agentligining ishiga ko’mak bo’ladi, deya ta’kidlaydi. Tashabbus, deydi u, AQSh tashqi siyosatidagi muhim maqsadlarni ko’zlagan holda, yordamga muhtoj rivojlanayotgan davlatlarni uzoq-muddatli iqtisodiy va siyosiy islohotlar qilishga chorlaydi.

"Taraqqiyot yo’lida yordam ko’rsatish AQSh qadriyatlarini ko’rsatibgina qolmay, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashda ham muhimligini hamma birday tan oladi. Bundan tashqari, bu amerikaliklarning qonida bor narsa."

Kelgusi haftada bo’lib o’tadigan majlisda Vakillar palatasining xalqaro aloqalar bo’yicha qo’mitasi “Ming yillikdagi vazifalar hisobi” korporatsiyasi ishining sifatini muhokama qiladi.

XS
SM
MD
LG