28 iyun kuni AQShning poytaxti Vashingtonda Amerikaning nodavlat "Ochiq jamiyat instituti" tashkiloti Andijonda 13-14 may kunlari sodir etilgan mudhish voqealarning guvohi bo'lgan o'zbekistonlik jurnalist Galima Buxarbayeva bilan uchrashuv uyushtirdi. Soros jamg'armasi ham deb atalgan "Ochiq jamiyat instituti"ning Toshkentdagi vakolatxonasi O'zbekiston hukumati tomonidan o'tgan yili qayta qayd etilmaganligi sababli, yopilishga majbur bo'lgan edi. O'zbekiston hukumati Gruziya va Ukrainada amalga oshgan rangli inqiloblarda aynan shu tashkilotning ham qo'li bor, deb ishonishadi.
Galima Buxarbayeva O'zbekistonning yosh va talantli jurnalistlaridan hisoblanadi. Avvaliga Fransiyaning Frans-Press agentligining O'zbekistondagi muxbiri, so'ngra esa Londonda joylashgan "Urush va tinchlikni yoritish instituti"ning (IWPR) O'zbekistondagi vakolatxonasi direktori lavozimida ishlagan. Institutning O'zbekiston muammolariga bag'ishlangan qator o'tkir maqolalari Toshkentdagi vakolatxonasining mahalliy hukumat tomonidan yopilishiga olib keldi. Shunga qaramay, Galimaning maqolalari Internetda chop etib turildi.
Galima fojeali 13 may kunida Andijonga yetib kelgan ilk jurnalistlardan bo'ldi. U mustaqil chet-el matbuotida chiqqan hamda Human Rights Watch tashkilotining chiqargan hisobotida yozilgan fojea tafsilotlarini o'z so'zlari bilan tasdiqladi. Andijondagi namoyishchilarning hukumat qo'shinlari tomonidan o'qqa tutilishini o'z ko'zi bilan ko'rgan. Hattoki o'zining ham halok bo'lishiga sal qolgan. Galima uchrashuvga yig'ilganlarga o'q teshib o'tgan yon daftarchasini ko'rsatdi.
Galima Buxarbayeva: "Andijonda aynan nima sodir bo'lganligi haqida ko'plab siyosatchilar cheklangan va noaniq ma'lumotga ega. Shuning uchun AQSh ma'muriyatida, Oq uy va Davlat departamentida bu voqealar haqida haqiqatni bilishlari uchun keldim. Men bir jurnalist sifatida 13 va 14 mayda Andijonda ko'rgan-bilganlarimni Amerika siyosatchilariga aytib berish uchun keldim. Umid qilamanki, ular men bergan axborot asosida O'zbekistondagi mana bu yukdan, zulmdan xalos bo'lish uchun kerakli qarorlarni chiqaradilar."
Biroq O'zbekiston hukumati Galima va Andijonda bo'lib, ko'rgan-bilgani haqida yozgan
boshqa mahalliy jurnalistlarni qattiq tanqid ostiga oldi. Jizzaxda iyun boshida bo'lib
o'tgan namoyishda viloyat hokimi Ubaydullo Yomonqulov hattoki ularni "Vatan xoinlari" va "dollarga sotilgan jurnalistlar" deb ham atadi. Hukumatga qarashli qator markaziy gazetalar ham chet-el va mustaqil axborot agentliklarda ishlayotgan o'zbekistonlik jurnalistlarni tanqid ostiga olib, ko'plab maqolalar chiqardilar. Galimaning o'zi bularga e'tibor bermasligini bildirdi.
Galima Buxarbayeva: "Bir tomondan men bu maqolalarni jiddiy qabul qilmayman. Odam faqatgina o'zi xurmat qilgan insonlarning qattiq gapidan ranjishi mumkin, biroq men O'zbekistonning "sotqin matbuotini men xurmat qilmayman. Ikkinchi tomondan esa, menga qarshi matbuotdagi chiqishlar shu darajada noprofessional uyushtirilganki, ularga kulgim keladi. Ular bizning faoliyatimizga qarshi dalillar keltira olmaganliklari bilan, o'zlarini bizning oldimizda ojizligini va qurolsizligini namoyish etadilar. Ularning yozganlari shu qadar kulgili va jirkanchki, unga e'tibor berishning hojati ham yo'q. Ular tushirgan bu dog'ni, o'ylaymanki, vaqt asta-sekin yuvadi. O'shanda haqiqatni yozgan odamlarni haqoratlagan bu odamlar o'z qilmishlaridan uyalarlar, deb umid qilaman."
Ko'plab xalqaro tashkilotlar vakillari uchun uyushtirilgan mazkur uchrashuvga Shveysariyada nemis tilida chop etiladigan "Noye Syurxer Saytung" (Neue Zuercher Zeitung) gazetasining katta muxbiri Markus Bensmann ham taklif etildi. U ham o'sha mash'um kunlari Galima Buxarbayeva bilan Andijonda bo'lgan. Uning aytishicha, militsiya va Milliy xavfsizlik xizmati vakillari ular tushirgan fotoplenkalarni olib qo'ygan, o'zlarini esa Andijondan chiqib ketishga majbur qilganlar. Shaharga kirmoqchi bo'lgan bir necha xalqaro agentliklar va telekompaniyalar jurnalistlari Andijonga kiritilmay, qaytarilganlar. Bensmanning aytishicha, hukumat tashqi dunyo haqiqatni bilib olmasligi uchun bor choralarni ko'rgan.
Markus Bensmann, shuningdek, O'zbekiston hukumatining Andijondagi bo'lgan voqealar uchun aybni allaqandaydir islomiy kuchlarga to'nkashini ham qoraladi va Andijonda namoyishlarning oldindan rejalashtirilgani haqidagi prezident Karimovning xulosasini rad etdi.
Markus Bensmann: "Men Afg'onistonda ham, Tojikistonda ham, Iroqda ham muxbirlik qilganman va islomiy kuchlar qanaqa bo'lishini yaxshi bilaman. Andijonda hech qanday mujohidlar va islomiylar bo'lmagan. Namoyishchilar nafaqat islomiy chaqiriqlarni ishlatishmagan, ular hattoki siyosiy talablarni ham olg'a surishmagan. Hech kim hattoki prezident Karimovni iste'foga chiqishini ham talab qilmagan. Chaqiriq va talablar asosan iqtisodiy va ijtimoiy bo'lgan."
Galima Buxarbayeva ham namoyishchilarning islom dunyosida uncha xush ko'rilmaydigan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga mojaroni hal etish uchun murojaat etganliklarini niyatlarining oldindan rejalashtirilmaganligidan dalolat, dedi.
Uchrashuvni kuzatib o'tirgan O'zbekiston elchixonasi xodimlarining biri Galima Buxarbayeva va Markus Bensmanning chiqishlarida bir muhim narsa ta'kidlanmagan, dedi. Bu namoyishchilarning qurollanib, davlat xizmatchilari va militsiya xodimlarini garovga olib, hukumat binosini ishg'ol qilganini chet-el matbuoti ham, xalqaro tashkilotlar ham tanqid ostiga olmaganidir.