Breaking News

BAA va Bahrayn Isroil bilan diplomatik aloqa o'rnatgani Tramp ma'muriyatining yutug'imi?


Seshanba kuni Oq uyda Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn tashqi ishlar vazirlari Isroil bilan diplomatik aloqa o’rnatishga qaratilgan bitim imzoladi.

Xalqaro hayot – 16-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:18 0:00

AQSh Prezidenti Donald Tramp vositachiligida erishilgan tarixiy bu kelishuv iudaizm, islom va nasroniy dinlari tomonidan birdek tan olinadigan Ibrohim payg’ambar sharafiga “Avraam” yoki “Ibrohim tinchlik bitimi” deb nomlandi.

“Isroil tarixida bungacha faqat ikkita shunday shartnoma bo’lgan. Endi esa yolg’iz bir oyda yana ikkitasiga erishdik. Hali yana bir necha shunday bitim bo’ladi”, - dedi Tramp.

Shu paytgacha aksariyat arab mamlakatlari Isroil Falastin davlatchiligini tan olsagina yahudiy davlati bilan aloqa o’rnatishga rozi bo’lishini bildirib kelgan edi. Tramp ma’muriyatiga ko’ra, yangicha siyosat Yaqin Sharq tinchlik jarayonini tezlashtiradi.

“Agar barcha davlatlar Isroilni uning hozirgi chegaralari doirasida tan olsagina, ya’ni uning Quddus, G’arbiy Sohil va hatto G’azo Sektori ustidan de-fakto to’liq nazoratini tan olsagina, Falastin ilojsiz qolib, voqelikni qabul qilishga majbur bo’ladi”, - deydi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Xolid Elgindi.

Biroq hamma ham bu kelishuvdan mamnun emas. G’arbiy Sohilning arab aholisi, xususan Falastin Bosh vaziri Muhammad Shtaye amirliklar va Bahrayn imzolagan bitimlarni qoralab, “arab mamlakatlari tarixidagi qora kun” deb atadi.

Falastinliklar bu ikki davlat harakatini xiyonat deya baholamoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, Oq uyda imzolangan hujjatlar Yaqin Sharqda “ikki davlat” siyosatiga munosabat o’zgarayotganini aks etadi.

“Bu biz so’nggi bir necha o’n yillar davomida guvoh bo’layotgan ayrim geosiyosiy o’zgarishlar natijasi bo’lib, Fors ko'rfazidagi arab davlatlari va Isroil o’rtasida Falastinning davlatchilikka bo'lgan intilishlariga nisbatan qarama-qarshiliklardan ko’ra ularning Eronga qarshiligida manfaatlari mushtarak ekaniga dalildir”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Uil Todman.

AQShda prezident saylovlariga ikki oydan oz vaqt qolarkan, Tramp ma’muriyati “Ibrohim tinchlik bitimi”ni tashqi siyosatidagi yutuq sifatida ko’z-ko’z qilmoqda.

Tashqi siyosat koronavirus pandemiyasi yoki iqtisodiyot kabi Amerika saylovida muhim rol o’ynamasa-da, Isroil kelajagi Trampning injilchi nasroniylar kabi tarafdorlari uchun juda muhimdir. 2016-yil saylovida Trampga ovoz berganlarning salkam uchdan biri mana shu toifa vakillari bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG