Breaking News

Afg'oniston san'at ahli Tolibon tartiblariga qaytmoqchi emas


Afg’onistonda 18 yildan beri davom etayotgan urushga barham berishga qaratilgan muzokaralar avjida ekan, mamlakatning qabilaviy va jamoa oqsoqollari, ko’zga ko’ringan faollari va diniy yetakchilari to’planib, Tolibon harakati bilan muzokara shartlari xususida fikr almashdi.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod jangarilar bilan muzokara qilarkan, Tolibonni Afg’oniston hukumati bilan tinchlik muloqotini boshlashga undamoqda, unga mamlakatdagi qonuniy siyosiy jarayonlarda ishtirok etish taklif etilmoqda.

Shunday bo’lgan taqdirda Afg’onistonning siyosiy kelajagi qanday bo’lishi mumkin? Mahalliy rassomlar o’z ijodida ana shunday kelajakni tasavvur qilishga harakat qilib ko’rdi. Ma’lumki, 1990-yillarda Tolibon hukmronligi paytida san’at, musiqa, musavvirlik, kinolar man qilingan edi.

Rassomlar Kobul devorlariga tasvir tushirish bilan band. Bir necha rassom 2014-yilda “San’at hoqonlari” deb nomlanuvchi bir guruhga birlashib, san’at yordamida ijtimoiy o’zgarishlarni amalga oshirishga qo’l urdi.

Bu dindorlar tomonidan shirkda ayblanib, sudsiz jazoga tortilgan Farxunda ismli ayol tasviri.

Afg’oniston hali ham konservativ jamiyat, o’z-o’zini senzura qilish amaliyoti yo’qolmagan, biroq rassomlar senzura chegarasini kengaytirishga harakat qilmoqda.

Tolibon hukmronlik qilgan yillarda tasviriy san’at man qilingan edi.

Roya Saodat Tolibon qulashidan so’ng ijodga kirishib ketdi - Afg’onistonning o’sha davrdagi ilk ayol rejissori. Bir necha yilda u ishlagan film va seriallar hatto xalqaro sovrinlarga sazovor bo’ldi. Roya Tolibon bilan kechayotgan muzokaralarni vahima bilan kuzatmoqda.

“Tolibon yangi sharoitda matbuot, kino, musiqaga qanday qarashini bilmaymiz, mana shu bizni xavotirga solmoqda”, - deydi u.

San’at ahli vakillarining muzokaraga jalb etilmaganidan tashvishda.

“Jirg’a, muloqot, maslahat majlislariga rassom yoki san’at faollarini kamdan-kam taklif etishadi. Ularni odatda fuqarolik jamiyati faollarining umumiy guruhiga qo’shib qo’yishadi. Biroq fikrimizni yetkazishning o’ziga xos yo’li bor va uni ishga solamiz”, - deydi “San’at hoqonlari” guruhiga asos solgan Omad Sharifiy.

Rassom san’at va musiqa bilan voyaga yetgan yosh avlod bo’sh kelmaydi, degan umidda. Uning aytishicha, Tolibon yangi sharoitga ko’nikishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG