Afg'oniston hukumati politsiyachilarning bachabozlik bilan shug'ullanishiga qarshi jiddiy choralar ko'rishga bel bog'lagan.
Prezident idorasi bayonotida aytilishicha, bachabozlik g'ayriinsoniy, g'ayriislomiy va adolatsiz holdir.
Shu hafta "Nyu-York Tayms" gazetasida chiqqan maqolada afg'on politsiyasi boshliqlari va AQSh tomonidan tayyorlangan bo'linmalarning yosh bolalarni jinsiy xo'rlashi, zo'rlashi keng yoritilgan. Unda afg'on harbiylari bilan iliq munosabatlarni saqlab qolish maqsadida amerikalik askarlarga bu ishga ko'z yumish va aralashmaslik buyurilgani aytiladi.
AQSh ofitserlari bilan suhbatlardan shu narsa ma'lum bo'ldiki, buyruqqa bo'ysunmagan amerikalik harbiylar hatto tartibga chaqirilgan. Biroq Amerika qo'mondonlari bunday holatlar o'rin olganini inkor etmoqda.
Prezident Ashraf Ghani xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi viloyatlar mutasaddilariga bunday holatlarning oldini olishni, aybdorlarni jazolashni tayinlagan.
“Afg'on xalqining qonunlarida, madaniyatidava diniy qadriyatlarida bolalarni jinsiy xo'rlash og'ir jinoyatlardan biri sifatida tan olinadi", deyiladi prezident bayonotida.
Ashraf G'ani davlat idoralarida ishchi guruhlar tuzib, ularga bunday holatlarni aniqlab, tergov qilish, kuzatish hamda bolalarga qarshi jinsiy zo'ravonlikning oldini olib, aybdorlarni jazolash mexanizmini ishlab chiqishni buyurgan.
AQSh Davlat departamentining inson savdosiga doir yillik hisobotida ham bu holat yoritilgan. Unda aytilishicha, Afg'onistonda politsiya boshliqlari, prokurorlar va sudyalar bachabozlik bilan shug'ullanuvchi shaxslardan pora olib, ularni qonundan himoya qilib keladi.