Afg’oniston xavfsizlik kuchlari Tolibonga qarshi kurashishda davom etarkan, politsiya va armiya ichki muammolar bilan yuzlashmoqda. So’nggi yillarda Qo’shma Shtatlar Afg’oniston xavfsizlik kuchlarini tayyorlash uchun millionlab dollar sarfladi. Ammo ayrim hollarda bu askarlar va politsiyachilarning ba’zilari Tolibon tomoniga o’tib ketyapti.
NATO rasmiylari quyi darajadagi qo’mondonlarni bunda ayblamoqda.
“Kichik bo’linmalar rahbarlari askarlarni o’q-dori, oziq-ovqat va boshqa narsalar bilan ta’minlamayapti, albatta, shunday bo’lgandan keyin askarlar “nega bu odam uchun jang qilishim kerak” degan xayolga boradi”, - deydi NATO matbuot kotibi Charlz Klivlend.
Tolibon saflariga qochib o’tganlarning aksariyati qishloqlardan va, ayniqsa, jangarilar hujumlariga uchragan joylardan. Shaharlar va tinch hududlardan chiqqan harbiylar orasida bunday holat kuzatilmagan.
Afg’oniston hukumati xavfsizlik kuchlari safida qochoqlar borligini tan olmay, ular asirga olinganini aytmoqda.
“Dushman bosimi bunga asosiy sababdir. Askarlar ba’zi paytlarda jangarilarning keng ko’lamli hujumiga tayyor emas, yaxshi jihozlanmagan, yaxshi qurollanmagan. Ana shunday holatlarda dushman ayrim harbiylarimizni qo’lga tushirmoqda”, - deydi Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Davlat Vaziriy.
Tolibon tarafiga qochib o’tgan askarlar va politsiyachilar o’zlari bilan qurollarini ham olib ketmoqda va amerikalik murabbiylaridan o’rgangan harbiy hunarlarini toliblarga o’rgatmoqda.