Afg’onistonda mahalliy kuzatuvchilar kechagi parlament saylovlari erkin va oshkora o’tganiga suhba bildirmoqda.
Jarayonni izdan chiqarishga ahd qilgan Tolibon saylov kuni zo’ravonlik va xurujlarga zo’r berib, 15 dan ortiq odamni o’ldirgan. Xavfsizlik yuzasidan uuzlab saylov uchastkalari umuman ochilmagan.
Afg’on parlamentining quyi palatasidagi 249 o’rin uchun 2500 fuqaro bellashdi. Natija, deydi tahlilchilar, Afg’oniston AQSh qo’shinlari bu o’lkani tark etgach o’zini mustaqil boshqara oladimi, degan savolga javob beradi.
BMTning Afg’onistondagi bosh diplomati Stafan de Mistura saylov muvaffaqiyatli o’tdi deyishga shoshmayapti.
Rasmiylar 3,6 million odam ovoz berganini da’vo qilmoqda. Mustaqil kuzatuvchilar esa hatto tinch sanalgan viloyatlarda saylov uchastkalari kun bo’yi bo’m-bo’sh edi, deydi.
Imom Xon Kobulda ovoz bergan. “Mamlakat notinch, lekin vaziyatni o’zgartirish o’z qo’limizda. Rahbarlar biz bilan hisoblashsin, parlamentda o’z vakilimizga ega bo’lishni istaymiz”, - deydi u.
O’tgan yilgi prezident saylovida 6 million kishi ovoz bergan edi. Ammo prezident Hamid Karzay foydasiga berilgan ovozlarning taxminan 25 foizi soxta ekani aniqlanib, bekor qilingan.
Xalqaro koalitsiya shtabi saylov kuni 300 dan ortiq xurujlar bo’lganini aytmoqda. Afg’onistonning Balx viloyatida saylov komissiyasi a’zolarining jasadi topilgan. Uch rasmiy bir kun oldin jangarilar tomonidan o’g’irlangan edi.
Afg’onistonning “Erkin va Adolatli Saylov” tashkiloti joylarga o’z vakillarini yuborib, saylovni kuzatgan. Jarayon adolatli va oshkora o’tmadi, deydi ular.
Odamlar soxta guvohnoma-hujjatlar bilan bir necha martalab ovoz bergani, ko’plab saylov uchastkalari kech ochilgani haqida shikoyatlar tushgan. Saylov komissiyasi bu hollarni o’rganib, xulosa chiqaradi.