Afg’oniston prezidentligiga nomzod Abdulla Abdulla BMT boshchiligida o’tkazilayotgan ovozlarni qayta sanash amaliyotini boykot qilgach, agar talablari inobatga olinmasa, har qanday siyosiy muloqotda ishtirok etishdan bosh tortishi haqida ogohlantirmoqda. Besh oy avval boshlangan saylov jarayoniga oid bahs-munozaralar haligacha tingani yo’q. Hamid Karzaydan so’ng Afg’onistonga kimning rahbar bo’lishi hanuz mavhum.
Afg’on mustaqil saylov komissisiya hamda BMT rasmiylarining aytishicha, prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida berilgan ovozlarni qayta sanab chiqish jarayoni nihoyasiga yetib qoldi.
O’tgan hafta shubhali saylov qutilarini qabul qilish yoki qilmaslik masalasi hal qilinayotganda, nomzodlardan biri Abdulla Abdulla kutilmaganda tekshiruv jarayonidan o’z kuzatuvchilarini chiqarib oldi. Uning aytishicha, tekshiruvni haqqoniy o’tkazish bo’yicha olg’a surgan ayrim talablari qondirilmagan.
BMT rasmiylari iltimosi bilan, Ashraf G’ani ham o’z kuzatuvchilarini chaqirib olgan. Chunki qayta sanash jarayonida faqar bir tomondan kuzatuvchilarning bo’lishi noxolislikka sabab bo’lishi mumkin, degan xulosaga kelingan.
Avvalroq tomonlar AQSh Davlat kotibi Jon Kerri vositachiligida, kim g’olib bo’lishidan qat’i nazar, yangi hukumatda birga ishlashga kelishib olgan edi. Ammo Abdulla Abdulla 1-sentabr kuni kelishuv shartlariga ikkinchi tomon rioya qilmayotganini ro’kach qilib, tekshiruv jarayonini tark etganini ma’lum qildi.
Nihoyasi ko’rinmayotgan saylov mojarosidan prezident Hamid Karzayning ham toqati toq.
“Afg’on xalqi ikki birodarimiz o’rtasida erishilgan kelishuv natijasini ko’rishni sabrsizlik bilan kutmoqda. Afg’oniston hammamizni o’zida mujassam etuvchi hukumatga ega bo’lishi kerak”, - dedi prezidentlik muddati nihoyasiga yetayotgan Karzay.
Abdulla Abdullaning matbuot kotibi Muslim Sadatning aytishicha, Ashraf G’ani har qanday holatda ham milliy birlik hukumati tuzilishi haqida bergan va’dasini qaytib olgan.
“Ular vaqtni behuda sarflashda davom etishdi. Odamlar esa bu jarayondan rosa charchadi. Shuning uchun biz o’z talablarimizni e’lon qildik. Agar shartlarimizga 24 soat ichida rozilik berishmasa, biz muloqotdan butunlay chiqamiz va tekshiruv natijalarini tan olmaymiz”, - dedi Sadat.
Saylovning ikkinchi bosqichida Ashraf G’anining oldinda borayotgani ma’lum bo’lgach, Abdulla Abdulla natijani tan olmasligi haqida ma’lum qildi. Shundan so’ng AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Kobulga tashrif buyurib, tomonlarni yangi hukumatda birga ishlash bo’yicha siyosiy murosaga ko’ndirgan edi.
Prezident Obama har ikki nomzodni o’z so’zida turishga chaqirdi.
“Afg’on xalqiga kelajakda xavfsizlik va taraqqiyot olib kelish uchun yetakchilar jiddiy murosa yo’lini tanlashi lozim”, - dedi AQSh rahbari.
“Heritage Foundation” nomli konservativ siyosatni olg’a suruvchi tahlil markazidan ekspert Liza Kurtisga ko’ra, saylovning 2-bosqichida ko’plab shubhali ishlar sodir bo’lgani haqidagi gaplarda asos bor, lekin tomonlar endi kelishuvga rioya qilishi kerak.
“Vaziyat hozir Kerri vositachiligida erishilgan kelishuv shartlari bajarilishini taqozo etadi. Ya’ni, natija qanday bo’lishidan qat’i nazar, yutqazgan tomon milliy birlik hukumatida asosiy ijrochi lavozimini qo’lga kiritishi kerak. Bu ikki yetakchi hozir bir-birini aldashga urinsa, yangi hukumatda birgalikda ishlashini inobatga olsak, har ikkisi ham bundan yutqazadi”, - deydi Kurtis.
Ashraf G’ani so’nggi o’zgarishlar haqida batafsil ma’lumot bergani yo’q, ammo konstitutsiyaga zid bo’lmagan har qanday shartlar bo’yicha muzokara qilishga tayyor ekanini bildirgan.
BMTga ko’ra, sakkiz millionga yaqin ovozni qayta sanash jarayoni 10-sentabrgacha tugatiladi. Shundan so’ng yangi Afg’oniston tarixida ilk bor davlat rahbari to’g’ridan to’g’ri xalq saylovi natijasida hokimiyatga kelishi kutilyapti. AQSh yetakchiligidagi xalqaro kuchlar shu yil oxirigacha mamlakatni tark etishi rejalangan bir paytda hokimiyatning tinch yo’l bilan almashishi juda muhim.