Breaking News

Afg'onistonning Moskvadagi elchixonasi Tolibonga topshirildi


Rossiya hukumati Afg’onistonda 8 oy oldin hokimiyatga kelgan Tolibonni rasman tan olmasa-da, o’tgan shanba bu mamlakatning Moskvadagi elchixonasini Tolibonga topshirib, uning diplomatlari mandatini tan oldi.

Tolibon Moskva qarorini olqishlab, o’zini Afg’onistonning “xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini boshqarishga qodir hukumat” deb atadi.

Rossiyagacha Xitoy va yana bir necha mamlakat Tolibon tayinlagan diplomatlarni tan oldi. Aytish joiz, Moskvada hozircha Tolibonning faqat bir diplomati bor – fevralda Rossiyaga borgan Jamol Nosir Garval.

“Hukumatlar boshqa mamlakatlarni tan olmasa-da, ularning vakillari, o’zlari bilan muloqot qilib turadi. Diplomatik aloqa o’rnatish oddiy aloqa va muloqotdan farq qiladi”, - deydi Vashingtondagi Gudzon universiteti tahlilchisi Husayn Haqqoniy.

Afg’onistondagi sobiq hukumat tayinlagan diplomatlar Tolibon bilan ishlay olmasligini aytib ishdan ketgan.

“Xitoy Tolibon tayinlagan diplomatni tan olishga qaror qildi. Elchixonadagi diplomatlar buni muhokama qilib, hozirgi sharoitda va Tolibon siyosatini hisobga olganda ular bilan ishlay olmasligimizni angladik”, - deydi Afg’onistonning Xitoydagi sobiq elchisi Javid Ahmad Qayum.

Afg’onistonning 45 ta elchixonasi va 20 ta konsullik idorasining aksariyati missiyasini davom ettirmoqda. Biroq bu vakolatxonalarda ishlovchi ko’p diplomatlar Tolibon vakolatini tan olmasligini bildirgan.

“Men milliy va xalqaro qonunlar asosida Afg’oniston xalqining vakiliman. Tolibonda na mahalliy, na xalqaro darajada vakolat bor. Ularni hukumat deb hisoblab bo’lmaydi”, - deydi Afg’onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Ag’bar.

Xalqaro hamjamiyat Tolibonni tan olishdan oldin inson huquqlari e’zozlanishini, qizlarga maktabga chiqishga ruxsat berilishini, terror guruhlari bilan aloqalar uzilishini, hukumatga barcha siyosiy kuchlar kiritilishini talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG