Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, xavfsizlik kuchlari Pokiston bilan chegaradagi Nangarhar viloyatida 120 dan ortiq "Islomiy davlat" jangarilarini o'ldirgan.
Shuningdek, amaliyot davomida o'nlab jangari hibsga olindi, deydi viloyat hokimiyati so'zlovchisi Attaulloh Kogayni.
Uning aytishicha, jangarilarga qarshi amaliyot shanba kuni Kobulda ro'y bergan xudkushlik hujumi ortidan boshlangan. Xurujda kamida 80 kishi halok bo'lgan, 200 dan ortiq odam yaralangan edi.
Hujum minglab etnik hazoralar qurilishi rejalanayotgan yangi elektr tarmog'ining o'z hududlaridan o'tishini talab qilib namoyish o'tkazayotgan payt yuz bergan. Eron muhojir hazora afg'onlarini yollab, ularni "Islomiy davlat"ga qarshi kurashish uchun Suriyaga jo'natayotgani aytiladi. "Islomiy davlat" shunga qarshi xuruj uyushtirgan.
IShID qo'mondonlaridan biri o'ldirilgan
Afg'on rasmiylarining aytishicha, o'ldirilganlar orasida Saad Emirati bor. Tolibonning sobiq a'zosi bo'lgan bu shaxs Afg'oniston va Pokistondagi "Islomiy davlat" tarmog'ining asoschilaridan biri sanaladi. Agar uning o'ldirilgani rost bo'lsa, bu mintaqadagi jangari to'da uchun katta zarba bo'ladi.
Avvallari ham uning o'ldirilgani haqida xabarlar paydo bo'lgan, lekin tasdiqlanmagan edi.
Afg'onistonda "Islomiy davlat" jangarilari 2015-yil boshlarida paydo bo'ldi. Ular o'zlarini "Xuroson viloyati islomiy davlati" deb e'lon qilgan. Bu hududga Afg'oniston hamda Pokiston va Eronning bir qismi kiradi.
"Islomiy davlat" Kobulda yuz bergan 23-iyul kungi xurujni o'z zimmasiga olish bian birga, hazoralarga qarshi bunday hujumlar, agar Assad rejimiga qo'shilib jang qilishni to'xtatishmasa, yana davom etishi haqida ogohlantirdi.