Tolibon harakati Afg’onistonni butkul egallashi ketidan G’arbga moyil ko’plab faollar, xususan mahalliy jurnalistlar vatanni tark etishga urinmoqda. Ularning ayrimlari AQSh va Yevropa tashabbusi bilan chiqib ketgan bo’lsa, boshqalar qo’shni mamlakat chegaralarini noqonuniy kesib o’tishga intilmoqda.
Afg’oniston shimolida o’zbek va turkman tillarida ixtisoslashgan mahalliy “Batur TV” jurnalisti Jaylon Arslon Afg’onistondan qochib chiqqan muxbirlardan biri. U hozirda Eron poytaxti Tehron tevaragida noqonuniy ravishda yashamoqda.
Jurnalist mamlakatda ro’y berayotgan voqealar, Afg’onistonda qolib ketgan hamkasblari taqdiridan xavotirda. U xalqaro tashkilotlarga yordam so’rab yozganini, lekin hanuz umid beruvchi javob olmaganini aytadi.
Tolibonning hokimiyatga kelishi so’z erkinligi va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga salbiy ta’sir qilmoqda. Tele va radiostansiyalar faoliyati cheklangan. Afg’oniston o’zbeklari siyosiy va madaniy hayoti haqida dasturlar tayyorlagan Oyna TV va Batur TV faoliyati to’xtatilgan, idoralari talon-taroj qilingan, jihozlari buzib tashlangan.
Afg’oniston Milliy jurnalistlar uyushmasiga ko’ra, Tolibon hokimiyatga kelganidan beri matbuot organlarining kamida 70 foizi yoki 150 dan ziiyodi faoliyatini to’xtatgan.
Tashkilot Afg’onistonning 28 viloyatida 1500 muxbir ishtirokida so’rov o’tkazgan. Undan ma’lum bo’lishicha, jurnalistlarning 67 foizi ishidan ayrilgan, qolgan 33 foizi katta bosim va og’ir ahvolda ishlashga majbur.
Iqtisodiy qiyinchiliklar va xavfsizligi ustidan xavotirlar eng katta muammo ekani aytilmoqda.
25-sentabr kuni Tolibon matbuot organlariga 11 punktdan iborat ko’rsatma tarqatgan. Unda aytilishicha, jurnalistlar islom dinidan boshqa dinlarni targ’ib qilmasligi, xabarlarda Tolibonni rasmiy nomi bilan, ya’ni Afg’oniston Islomiy Amirligi deya tilga olishi, yoshlarni Afg’onistonni tark etishga da’vat etuvchi materiallar chop etmasligi, xabarlarni tayyorlashda davlat matbuot markazi bilan hamkorlik qilishi kerak.
Shu kungacha biror mamlakat Tolibon hukumatini rasman tan olgani yo’q. Qo’shma Shtatlarga ko’ra, bu guruh xulqiga bog’liq.
Tolibon hokimiyatga kelganidan beri kamida 32 jurnalist hibsga olingan, bir nechtasi kaltaklangan.
Tolibon G’arb bilan hamkorlik qilgan va Tolibonga qarshi bo’lgan fuqarolarga nisbatan amnistiya e’lon qilganiga qaramay, mamlakatdan qochishga muvaffaq bo’lgan afg’onlar harakat va’dalari va so’zlariga ishonmasligini aytgan.
Nafaqat jurnalistlar, balki oddiy afg’onlar ham Tolibon nishoniga aylanishdan xavotirda ekan, odamlar ijtimoiy sahifalardagi suratlari, postlari va tvitlarini o’chirishga kirishgan, ijtimoiy sahifalarda nom qozongan ba’zi insonlar esa sahifalarini yopishga majbur bo’lgan.
Facebook Forum