Breaking News

NATO bosh kotibi: Afg'onistonda asosiy vazifadan chekinmaymiz


NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen
NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning aytishicha, Afg'onistonda ommaviy namoyishlar va zo'ravonliklar tinmayotganiga qaramay koalitsiya kuchlari o'zini professional darajada tutmoqda. G'alayon NATO askarlari Qur'on va boshqa diniy adabiyotni yoqqani haqidagi xabarlar ketidan avj olgan.

NATO rahbari bu haqda Vashingtonga safari chog'ida so'zladi. Uning aytishicha, zo'ravonliklarda to'rt amerikalik harbiy o'lganiga qaramay alyans qo'shinlari provokatsiyaga berilmay vazifasini bosiqlik bilan bajarmoqda.

"Ekstremistlar shashtimizni qaytara olmaydi. Afg'on hamkorlarimiz bilan yelkama-yelka turib, umumiy maqsaddan chalg'imaymiz. Xavfsizligimiz Afg'oniston barqarorligi va xavfsizligiga bog'liq", - deydi Rasmussen.

Shanba kuni Ichki ishlar vazirligida bir afg'on ikki amerikalik ofitserni otib o'ldirgach, koalitsiya kuchlari qo'mondoni general Jon Allen Afg'oniston vazirliklarida ishlayotgan barcha xorijiy maslahatchilarga ishga chiqmaslikni buyurdi. NATO bosh kotibi bu qarorni qo'llab-quvvatlayman, deydi.

Rasmussen "NATO va afg'on qo'shinlari o'rtasida hamkorlik yo'q" degan gaplarni inkor etdi.

"130 ming xalqaro askar Afg'onistonning 300 mingdan ziyod zobit va politsiyachisi bilan har kuni yonma-yon ish qiladi. O'rtada ishonch mavjud", - deydi NATO rahbari.

Namoyishlar o'tgan hafta boshlanganidan beri AQShning Kobuldagi elchixonasi eshiklari yopiq bo'lgan. Mamlakatdagi amerikaliklarga ehtiyot bo'lish tavsiya qilingan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti xodimlarini shimoldagi Qunduz viloyatiga vaqtincha ko'chirishini ma'lum qildi.

Bugun janubdagi Hilmand viloyatida xalqaro qo'shinlar kolonnasi hujumga uchrab, olti kishi yaralangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG