Breaking News

Pokiston Afg'oniston bilan chegarani to'siq bilan yopmoqda


Pokiston qo’shni Afg’oniston bilan chegarada to’siq o’rnatmoqda. Mahalliy qabilalar bunday tashabbusga qarshi. Rasmiy Islomobodning bildirishicha, jangarilarning chegaradan o’tishini nazorat qilish hamda kontrabandaga chek qo’yish maqsadida 2017-yildan beri 2600 kilometrlik chegarada to’siq o’rnatilmoqda, shu kungacha chegaraning katta qismi to’silgan.

Afg’oniston chegarani tan olmaydi, uni “Dyurand chizig’i” deb ataydi. 1893-yilda Britaniya mustamlakasi bo’lgan ushbu hududda Afg’onistonning o’sha paytdagi hukmdori Abdur Rahmon Xon bilan kelishuv ketidan Mortimer Dyurand ismli britan ofitseri hozirgi chegarani belgilagan edi. Natijada etnik pashtun qabilalari bo’linib qolgan. Shunga qaramasdan, yillar davomida pashtunlar bir-biri bilan chegara orqali bordi-keldi qilib turgan, ammo to’siqning o’rnatilishi bunga chek qo’yishi mumkin.

“Dyurand chizig’i ba’zi qishloqlarni bo’lib qo’ygan edi. Qishloq aholisining bir qismi Afg’onistonda, ikkinchisi esa Pokistonda. Ba’zilarining dalalari ham boshqa mamlakatga o’tib qolgan edi. Natijada Pokiston hududida yashovchi odamlar Afg’oniston hududida dehqonchilik qilishga majbur bo’ldi. Endi esa ular o’z yerlariga yaqinlasha olmaydi”, - deydi Naimat Ulla ismli jurnalist.

Pokiston chegaradagi harbiy istehkomlarining yillar davomida hujumga uchrashi ketidan to’siq o’rnatishga qaror qildi.

“To’siq Pokiston xalqi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan”, - deydi armiya so’zlovchisi general-mayor Bobur Iftihor.

Pokiston hukumati chegaradagi pashtunlarga yordam berish maqsadida chegara bo’ylab qo’shma savdo nuqtalarini ochishga qaror qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG