Gulbiddin Hikmatyorning “Hizbi Islomiy” guruhi Afg’oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralariga tayyor ekanini bildirmoqda.
Guruh yakshanba kuni chop etgan bayonotida Prezident Ashraf G’ani hukumatining muzokarada qatnashish taklifini qabul etishini ma’lum qildi.
“Hizbi Islomiy” Tolibon bilan ittifoqda hukumat kuchlariga qarshi kurashib kelgan. Biroq Tolibon xorijiy kuchlar mamlakatni tark etmaguncha, hukumat bilan muzokara boshlamasligini ta’kidlab keladi.
Prezident G’ani o’tgan hafta barcha isyonchi guruhlarga murojaat qilib, ularni yana bir bor muzokaraga da’vat etdi.
AQSh, Xitoy va qo’shni Pokiston tashabbusni qo’llab-quvvatlamoqda.
“Hizbi Islomiy” rahbarlaridan biri “Amerika Ovozi” bilan suhbatda guruhdan ikki a’zo muzokaralarda vakil sifatida tayinlanganini ma’lum qildi. Bular guruhning markaziy kengashi raisi Qozi Hakim Hakim va uning siyosiy masalalar bo’yicha raisi G’ayrat Bahir. Bahir Hikmatyorning kuyovi bo’ladi.
“Hizbi Islomiy” Qo’shma Shtatlarni tinchlik muzokaralarini izdan chiqarish harakatida ayblaydi. O’tgan hafta AQSh Davlat departamenti guruhning ikki yetakchi a’zosini global terrorchilar ro’yxatiga qo’shgan. Qo’shma Shtatlar ularni olti amerikalikning hayotiga zomin bo’lgan Kobul xurujlarida ayblaydi.
Obama ma’muriyatiga ko’ra, Abdulla Navbahorni ushlashda qo’l keluvchi ma’lumot uzatgan shaxsga ikki million dollar va’da qilingan. Bomba yasash bo’yicha mutaxassis hisoblangan Abdul Saburning hibsga olinishiga yordam berganlar uch million dollar bilan mukofotlanadi.
“Hizbi Islomiy” nazarida, a’zolarining terrorchilar ro’yxatiga kiritilgani tinchlik muzokalariga zid va zarardir.