Breaking News

Afg'onistonda mahbus toliblarni ayirboshlash qoldirildi


Taliban prisoners
Taliban prisoners

Afg’oniston hukumati va Tolibon 25-mart kuni teleko’prik orqali muzokara qilib, 31-mart kuni qamoqdagi 100 nafar tolibning ozod etilishiga kelishib olgan edi, biroq toliblar jarayonni nazorat etish uchun Kobulga guruhini yubormagach, reja qoldirildi.

Afg’oniston Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Javid Faysalning aytishicha, Tolibon delegatsiyasi Kobulga kelganidan so’ng masalaning texnik tomoni muhokama etiladi.

Tolibon Kobul yaqinidagi Bagram aviabazasi hududida joylashgan qamoqxonaga vakillarini yuborib, mahbus toliblarni hukumatga berilgan ro’yxatga qarab tasdiqlab olmoqchi. Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi ushbu masala bo’yicha muzokaralarda vositachi rolini bajarmoqda.

AQSh va Tolibon yanvar oxirida Qatarda tinchlik bitimi imzolab, mahbus almashishga kelishib olgan edi - Afg’oniston hukumati qamoqxonalarida 5000 jangari, Tolibon qo’lida esa 1000 nafar asir bor. Kobul ozod etilgan toliblarning jang maydoniga qaytmasligini talab qilmoqda, biroq buni nazorat qilib bo’lmaydi.

29-mart kuni jangarilar Taxar, Zabul, Hilmand va Bag’lan viloyatlarida politsiyachilar va askarlarga hujum qilib, afg’on xavfsizlik kuchlarining 28 a’zosini o’ldirgan.

AQSh-Tolibon kelishuvida, shuningdek, jangarilarning hukumat va fuqarolik jamiyati vakillari bilan muzokara boshlashi ko’zda tutilgan edi, ammo toliblar 28-martga rejalangan muloqotdan bosh tortdi. Jangarilar e’tiroziga ko’ra, hukumat delegatsiyasi barcha qatlam vakillarini o’z ichiga olmagan, ammo Prezident Ashraf G’anining maslahatchisi Vohid Umarning aytishicha, toliblar shunchaki turli bahonalar bilan jarayonni ortga surishga urinmoqda.

Hukumat turli guruhlar bilan kelishib, 21 kishilik delegatsiya tuzishga muvaffaq bo’lgan, guruh tarkibida besh ayol ham bor. Siyosiy partiyalar delegatsiya a’zolari bo’yicha qarshilik bildirmagani aytiladi.

AQSh-Tolibon kelishuvida amerikalik askarlarni Afg’onistondan olib chiqish ham ko’zda tutilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG