Afg’onistonlik kitobxonlar nazariga tushgan yosh ijodkor Asadulla Ixtishom Balx viloyatida yashab, ijod qiladi. Maqsadim, deydi u, xalq ertaklariga, she’riyatga bolajonlarni qiziqtirish. So’nggi uch yilda minglab kitoblarni tarqatib chiqdi.
Asadulla Ixtishom – yozuvchi va shoir. Bolalar uchun kitoblar yozadi. O’zi Balx universitetining adabiyot fakultetini tamomlagan. Uning maqsadi Afg’onistondagi har bir bolani kitobga, kitobxonlikka qiziqtirish. Ularga she’r va hikoyalarini ulashadi.
“Kitoblarda ertak, she’r, bolalar qo’shiqlari o’rin olgan. Xalq og’zaki ijodidagi ertak va qissalar batamom yo’q bo’lib ketmasdan to’plam yaratib qo’yishni xohladim. Tarbiyaviy ahamiyatga ega hikoyalar kamayib ketgan”, - deydi u.
Yozuvchi o’zi mutolaani sevarkan, bolalarda ham o’qishga mehr uyg’otishni istaydi. Ikki yildan beri maktablarga qatnab, kitob tarqatadi. Hikoyalar, deydi u, bolalar tafakkurini rivojlantirishga hissa qo’shadi.
“Uch mingga yaqin kitob chop etib, ulashdik. Maktablarda ham qo’llanilmoqda. Qo’shni viloyatlardagi maktab, kutubxonalarga ham yuboryapmiz”, - deydi u.
Bolalarga ham kitoblar manzur bo’layotganini ko’rish mumkin.
“Ertaklarni o’qib, ulardan o’rganaman”, - deydi 3-sinf o’quvchisi.
“O’qish maza. Zehnni o’tkir qilarkan”, - deydi yana bir bolakay.
Bolalarning qiziqishidan o’qituvchilar ham mamnun.
“Kitobxonlik madaniyatini oshirish va targ’ib qilish - kelajak poydevori. Yoshligidan kitobga mehr qo’ygan bolalarning rivojlanishi boshqacha bo’ladi”, - deydi o’qituvchi Muhammad Ismoil.
Balx viloyatida aksar bolalar kutubxonalarga qatnay olmaydi. Asadulla Ixtishom bu bo’shliqni to’ldirmoqda.
Facebook Forum