Breaking News

Afg'on qochqinlari vataniga qaytishga shoshilmayapti


Erondan qaytayotgan afg'on qochqinlari
Erondan qaytayotgan afg'on qochqinlari

BMTning Qochqinlar bo'yicha agentligi rahbari Filippo Grandiga ko'ra, Afg'onistonda mojarolar, ochlik, ishsizlik va qurg'oqchilik sabab sakkiz million afg'on uyini tark etgan. BMT rasmiysi Afg'oniston va qo'shni Pokistonga yakshanba kuni safar qilib, vaziyat bilan tanishgan. U donor mamlakatlarni Afg'oniston uchun moliyaviy yordamni oshirishga chaqirdi.

“Bizning hisobimizga ko'ra, taxminan sakkiz million afg'on uyida yashamaydi. Ba'zilari mamlakatni tark etib, boshqa yurtlarda yashamoqda, ba'zilari esa Afg'oniston ichida sarson", - deydi Grandi.

Agentlik rahbari Islomoboddagi Strategik izlanishlar institutida so'zlab, qo'shni mamlakatda xavfsizlik bilan bog'liq vaziyatni ayanchli deb atadi.

“Ishi bor afg'onlar ham kelajakka xavotir bilan qaramoqda. Hamma tinchligini o'ylayapti", - deydi Grandi.

BMT rasmiysi qo'shni Eronda yashayotgan salkam uch million afg'on ham qiyin ahvolda ekanini aytadi. Shulardan bir millioni ro'yxatga olingan qochqinlardir.

“AQSh sanksiyalariga, bosimiga uchrayotgan Eron og'ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Buning natijasida afg'on qochqinlariga ko'rsatilayotgan muruvvat cheklanib qolishidan xavotirdamiz", - deydi u.

Kasbi va hunari bor afg'onlarning bir qismi Erondan vataniga qaytib bormoqda, chunki Eron valyutasi tez qadrsizlandi.

Pokiston salkam uch million afg'onga boshpana bergan - ba'zilari ro'yxatga olingan, ba'zilarining maqomi noqonuniy.

Pokistonning Peshovar shahrida ba'zi afg'on qochqinlari bilan uchrashgan Filippo Grandining aytishicha, ular vataniga qaytish masalasida bir qarorga kelmagan hali, ayrimlar Afg'onistonda vaziyat hamon beqaror ekanidan xavotirda.

Pokiston hukumati afg'onlarni mamlakatiga qaytishga da'vat etib keladi. Grandining aytishicha, yangi Bosh vazir Imron Xon ularni kuch bilan qaytarmasligini ishontirib aytgan.

"Oddiy afg'onlar saylangan hukumatining ishi samarasini hamda Afg'oniston 2001-yildan beri xalqaro hamjamiyatdan olayotgan moliyaviy yordam mevasini ko'rmayotganini aytadi. Maktablar va kasalxonalar qurilmas, ijtimoiy xizmatlar yo'lga qo'yilmas ekan, xorijda yashayotgan afg'onlarni mamlakatiga qaytarish oson bo'lmaydi", - deydi BMTning Qochqinlar bo'yicha Oliy komissari Filippo Grandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG