AQSh hukumati Amerika harbiylariga ko’maklashgan minglab afg’onlarga maxsus muhojirlik vizasini bermoqchi. Hujjatlar rasmiylashtirilgunga qadar ular uchinchi mamlakatga ko’chiriladi.
“Prezident Ashraf G’ani qo’shimcha yordam so’rashi kutilmoqda, ammo oliy qo’mondonimiz askarlarni chiqarishga qaror qilgan”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Maykl Makkol.
Qonunchilar Bayden ma’muriyatidan harbiy kampaniya paytida AQSh qo’shinlariga ko’maklashgan 18 ming afg’onni himoya qilishga chaqirmoqda.
“O’zlari va oilalarining hayotini xavf ostiga qo’yib, bizga yordam berishgani uchun ularga Amerikaga kelishga imkoniyat va’da qilingan. Buni to’g’ri deb hisoblayman”, - deydi yana bir respublikachi kongressmen Adam Kinzinger.
Maxsus muhojirlik vizasini rasmiylashtirishga o’rtacha 800 kun ketadi. Biroq Afg’onistonda Tolibon hujumlari kuchayar ekan, afg’onlar jangarilar nishoniga aylanishdan qo’rqyapti.
"22 yil davomida Amerika uchun muhim bo’lgan bu mamlakatda AQSh qo’shinlari uchun jonimizni jabborga berdik. Afg’onistonda hozir hayotimiz xavf ostida ekan, Prezident Jo Baydendan biz va oilalarimizga yordam berishni so’rayapmiz”, - deydi Hilol ismli tarjimon.
Afg’on urushi faxriysi, qonunchi Jeyson Krouning aytishicha, Hilol kabi tarjimonlarni AQShga qarashli Guam oroliga vaqtincha ko’chirgan ma’qul.
“Mudofaa vazirligi, askarlarimiz, Davlat departamenti, Guam bunga tayyor. Yolg’iz Oq uy qarorini kutyapmiz”, - deydi u.
Amerika qo’shinlarini Afg’onistondan butkul chiqarishiga 3 oydan oz vaqt qolarkan, ko’p qonunchilar afg’on tarjimonlarining ishi bilan shug’ullanish kimga topshirilganidan bexabar.
“Bu ishga kim mas’ul ekanini bilmaymiz. Bizga evakuatsiya bilan shug’ullanish uchun aniq reja kerak”, - deydi respublikachi kongressmen Set Multon.
Bugun 100 dan ortiq afg’on tilmochlari AQShning Kobuldagi elchixonasi yonida namoyish qilib, ularni mamlakatdan olib chiqishga chaqirdi.
Aksariyatining xulqi uchun ishdan haydalgani aytilmoqda. Ular maxsus muhojirlik vizasiga topshirgan hujjatlarining tezroq ko’rilishini talab qilmoqda.
Prezident Bayden Amerika ularni tashlab ketmasligini, hujjatlari ko’rilgunga qadar uchinchi mamlakatda kutish uchun ko’chirilishlarini aytdi.
2016-yildan beri Afg’onistonda zo’ravonliklarda 300 ga yaqin tarjimon o’lgan.
Facebook Forum