Afg'onistonda Tolibon bir necha viloyatda hujumlar uyushtirib, o'nlab xavfsizlik xizmati xodimlari, jumladan tuman politsiya boshlig'ini o'ldirgan. Hujumlar Maydan Vardak, Hirot va Bag'lan viloyatlarida sodir etilgan.
Maydan Vardak viloyati hokimining so'zlovchisi Abdulrahmon Mang'alga ko'ra, toliblar shanba oqshom Day Mirdad tumanida politsiya boshlig'i Said Yunus Husayniy va yana 10 politsiyachini yo'q qilgan. Biroq, deydi rasmiy, tumanda hokimiyat toliblar qo'liga o'tgani haqidagi xabarlar asossiz. Uning aytishicha, qo'shimcha xavfsizlik kuchlari madadga kelib, jangarilarga qarshi shiddatli janglar olib bormoqda.
Bag'landa esa Tolibon harbiy va politsiya postlariga hujum qilib, kamida 20 nafar askar va politsiyachini o'ldirgan. Bag'lani Markazi tumanidagi barcha postlar va atrofdagi qishloqlar jangarilar nazoratiga olingani xabar qilinmoqda.
Afg'on hukumati Bag'landagi voqealarga baho bergani yo'q hali. Tolibon o'z bayonotida 60 nafar xavfsizlik xodimini o'ldirib, ko'p miqdorda qurol-yarog'ni qo'lga tushirganini da'vo qilmoqda.
G'arbdagi Hirot viloyatida esa tunda toliblar xavfsizlik punktiga hujum qilib, to'qqiz askarni o'ldirgan, olti nafari yaralangan. Viloyat so'zlovchisi toliblar 10 kishini yo'qotganini ma'lum qildi.
Tolibon ayni damda Afg'onistondagi 407 tumandan yarmini nazorat qilmoqda. "Islomiy davlat" jangari to'dasi ham mamlakatda faol, xavfsizlik kuchlari hamda afg'on shialariga qarshi hujumlar kuchaygan.
Facebook Forum