Breaking News

Tolibonga aloqador asirlar ishi qayta ko’rib chiqiladi


Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Tolibon va boshqa jangari guruhlarga aloqador mahbuslar ishini qayta ko’rib chiqishga ko’rsatma bergan.

Bu ish bilan shug’ullanish uchun komissiya tashkil etilib, unga mamlakat Oliy Sudi a’zolari, Adliya vazirligi rasmiylari va huquqshunos-mutaxassislar kiradi.

Prezident farmoni tinchlik anjumanida qabul qilingan hujjat shartlarini bajarish tomon birinchi qadam. Kobulda o’tgan yig’inda toliblar bilan muzokara qilish, ularni tinch hayotga qaytarish yo’llari muhokama qilingan edi.

Yakuniy hujjatga ko’ra, mahalliy politsiya va xalqaro kuchlar tomonidan ushlanib, aybi isbotlanmagan mahbuslar ozodlikka chiqarilishi mumkin. Tolibon bilan muzokara boshlash uchun alohida idora ta’sis etiladi.

Tinchlik jarayoniga qo’shilishni istagan jangarilar zo’ravonlikdan voz kechishi va afg’on konstitutsiyasini tan olishi shart deb belgilangan. Hukumat bilan sulhga ko’ngan jangari yetakchilari BMTning qora ro’yxatidan olib tashlanadi.

Bu orada, Afg’oniston Ichki ishlar vaziri Hanif Atmar va Xavfsizlik idorasi rahbari Amrulla Solih ishdan bo’shatilgan. Qaror Kobuldagi yig’in paytida ro’y bergan xurujlar bilan bog’liq. Prezident Hamid Karzayning aytishicha, xavfsizlik uchun javobgar bu rasmiylar ularga yuklangan vazifani bajara olmagan.

Raketa xuruji Hamid Karzay anjuman qatnashchilariga murojaat qilayotgan payt sodir etilgan edi. Unda ishtirok etgan 1600 delegatning hech biriga ziyon yetmagan.

XS
SM
MD
LG